2019 yil 19 sentyabr kuni Bosh prokuraturada BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi (BMT NJQB) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB)ning monitoring guruhi vakillari bilan Markaziy Osiyo mintaqasida fuqorolik jamiyati va hususiy sektor vakillarini korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbuslariga jalb qilish masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda monitoring guruhi tarkibida BMT NJQBning fuqorolik jamiyati guruhi rahbari Mirella Dummar Fraxi, fuqorolik jamiyati dasturi guruhi xodimi Andres Frantsen, korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi eksperti Konstantin Polikarski, YeTTB bosh menejeri Luiza Balbi, BMT NJQBning Markaziy Osiyoda jinoiy adolat sudlov bo‘yicha dasturi xalqaro menejeri Kun Markvering ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida monitoring guruhiga respublikamizda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi islohotlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Xususan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan beshta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha taraqqiyot strategiyasi, “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun, 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi ijrosi va boshqalar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Mirela Dummar xonim O‘zbekistonda 2017 yildan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi kurashda fuqorolik jamiyati va xususiy sektorning salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha kichik texnik hamkorlik loyihasini ishlab chiqish imkoniyatlarini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuvda Markaziy Osiyo mintaqasida fuqorolik jamiyati va xususiy sektorni korrupsiyaga qarshi tashabbuslarga jalb qilish bo‘yicha loyiha takliflarini tayorlashning keyingi bosqichlari va aniq muddatlari muhokama qilindi.