Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29-iyun 2020-yildagi PF-6013-sonli Farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil topib, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Agentlikni asosiy vazifalaridan biri - korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatning imijini mustahkamlash va uning xalqaro reytinglardagi oʻrnini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish hisoblanadi.
Bugungi kunda Agentlik qator tashkilotlar bilan halqaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi:
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi,
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi (BMT TD),
- Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (BMT GJB),
- Birlashgan Millatlar Tashkilotning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF),
- Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori idorasi,
- Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti
- Yevropa ittifoqi delegatsiyasi vakolatxonasi
- Yevropa kengashi hamda AQSH Davlat departamentining narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish masalalari boʻyicha byurosi (INL)
- AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)
- Jahon banki
- Xalqaro valyuta jamgʻarmasi
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki
- Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi
- Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti
Xalqaro tashkilotlar koʻmagida 3 ta Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihalari, 2 ta Vazirlar Mahkamasi loyihalari va boshqa hujjatlar, jumladan, Investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish metodologiyasi hamda Oʻzbekistonning korrupsiyani qabul qilish Milliy indeksi metodologiyasi loyihalari ishlab chiqildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida imzolangan hujjatlar:
2020-2021-yillar davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan xalqaro hamkorlikka oid 8 ta memorandumlar imzolandi:
• 2020-yil 7-dekabr Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga karshi kurashish agentligi va Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi oʻrtasida Hamkorlik memorandumi;
• 2021-yil 5-iyun Agentlik va Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida Anglashuv memorandumi;
• 2021-yil 16-iyun Agentlik va Qozogʻiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida Anglashuv va hamkorlik memorandumi;
• 2021-yil 11-oktyabr Sloveniya Respublikasi Korrupsiyani oldini olish komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasidagi Anglashuv memorandumi;
• 2021-yil 28-oktyabr Agentlik, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi xukumati tomonidan Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi va Hukumatlararo Hamkorlik Xizmati oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish yuzasidan Anglashuv memorandumi;
• 2021-yil 17-noyabr Agentlik va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti oʻrtasidagi Anglashuv memorandumi;
• 2021-yil 18-noyabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida Anglashuv memorandumi;
• 2021-yil 1-dekabr Agentlik va Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori huzuridagi korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi oʻrtasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Anglashuv memorandumi;
• 2022-yil 12-may Agentlik va Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi.
• 2022-yil 24-may Agentlik va Latviya Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi.
Xalqaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan xorij davlatlarining idora va tashkilotlari:
- Malayziya korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi;
- Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari boʻyicha komissiyasi;
- Fransiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
- Xitoy Xalq Respublikasi Milliy nazorat komissiyasi;
- AQSH Davlat departamentining Xalqaro narkotik va huquqni muhofaza qilish masalalari boʻyicha byurosi;
- Singapur Korrupsiya jinoyatlarini tergov qilish byurosi;
- Latviya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi;
- Qozogʻiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
- Tojikiston Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
- Ozarbayjon Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi;
- Ukraina Korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi;
- Moldova Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi;
- Afgʻoniston Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi;
- Eron Islom Respublikasi Bosh inspeksiyasi tashkiloti;
- Pokiston Milliy hisobdorlik byurosi;
- Sloveniya Respublikasi Korrupsiyaning oldini olish komissiyasi;
- Misr Maʼmuriy nazorat idorasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi
- Germaniya Federal Ichki ishlar vazirligi, Germaniya Xalqaro huquqiy hamkorlik jamgʻarmasi va boshqalar.
Agentlikka Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tarmogʻining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini ta’minlash hamda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilgan.
Bugungi kunda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi Konvensiyaning II va V В boblarining Oʻzbekiston tomonidan bajarilish holatini koʻrib chiqmoqda.