OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH AGENTLIGI
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2020-yilning 29-iyunida tashkil etildi.
Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari (parlament) oldida hisobdordir.
Agentlikning asosiy maqsad va vazifalari:
• mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni taʼminlash;
• korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalarni aniqlash;
• korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni amalga oshirish;
• fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish;
• vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
• davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplayens-nazorat)ni joriy etish;
• davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
• korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
• korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar koʻrishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish;
• korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash va boshqalar.
Agentlik bir qator huquq hamda vakolatlarga ega:
• korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, Oʻzbekistonning milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qilish;
• byudjet mablagʻlarining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bogʻliq materiallarni talab qilish, olish va oʻrganish;
• jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;
• korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish;
• ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini toʻxtatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni kiritish.
Ushbu sohada fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshiradi va jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantiradi.
Sohani yanada takomillashtirish maqsadida dunyoning yetakchi tashkilotlari, rivojlangan davlatlarning tegishli idoralari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatib, ularning sara tajribasini amalga tatbiq etadi.