2019 yil 14-15 may kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralalaro komissiyasi tomonidan BMTning Istanbuldagi mintaqaviy markazi, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda BMTning korrupsiyaga qarshi kurashish Global loyihasi (ACPIS) bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashishda innovatsiyalar” mavzusida Mintaqaviy forum o‘tkazildi.
Forumda BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Miryana Spolyarich Egger qatnashdi.
Shu bilan birga mintaqaviy forumda 40 dan ortiq xorijiy davlat va nodavlat tashkilotlari, ilmiy idoralar, tahliliy markazlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yetakchi mutaxassislari va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakillari ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralalaro komissiya a’zolari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, biznes-ombudsman vakillari, fuqarolik jamiyatlar institutlari va idoraviy muvofiqlashtiruvchilar ishtirok etdi.
Tadbir jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashishda innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda ilg‘or mamlakatlar tajribasi, ularni amalda tatbiq qilish imkoniyati va salohiyatlari muhokama qilindi va taqdimotlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda xalqaro ekspertlar hamda davlat korxonalari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari o‘rtasida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi.
Mintaqaviy forum natijasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishda innovatsion g‘oyalarni keyingi taraqqiyoti bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.