Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralalaro komissiyasi tomonidan BMT Tarraqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Qozog‘iston, Rossiya va Ukrainaning Transparency International mintaqaviy bo‘limlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiya a’zolari, adliya va moliya vazirliklari vakillari, Bosh prokuratura Akademiyasi rahbari, Akademiyaning korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakillari ishtirok etishdi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Transparency International Qozog‘iston mintaqaviy bo‘limi ijrochi direktori Olga Shiyan, Transparency International Rossiya mintaqiviy bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari, “Deklarator” loyihasi rahbari Andrey Djvirblis va Transparency International Ukraina mintaqaviy bo‘limi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Anastasiya Kozlovsevalar ishtirokchilarni “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” metodologiyasini tuzish, Transparency International mintaqaviy bo‘limlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va vazifalari hamda amalga oshirilayotgan loyihalar va tadbirlar haqida tanishtirib o‘tishdi.
Shu bilan birga Transparency International mintaqaviy bo‘limlari vakillariga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar, o‘z navbatida turli xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilashiga hamda korruptsiyani qabul qilish va nazorat qilishga oid axborotlar taqdim etildi.
Mazkur uchrashuv Transparency International mintaqaviy bo‘limlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi innovatsiyalari, turli davlatlarda amalga oshirilayotgan tadbirlarining ish tajribasi bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratdi.