Bosh prokuraturada «Aktivlar va manfaatlarni deklaratsiyalash korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olishning vositasi: uni joriy etish va samarali qo‘llashning amaliy yechimlari» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiya tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishni qo‘llab-quvvatlash” va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiya a’zolari, Bosh prokuratura, adliya vazirligi va boshqa davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Sloveniya, Frantsiya, Gruziya va Ukraina kabi davlatlardagi aktiv va manfaatlarni deklaratsiyalash tizimini ishlab chiqilishi va joriy etilishi, zarur huquqiy va institutsional asoslari, shuningdek dasturiy ta’minotlarini ta’minlash tajribalari taqdimot qilindi.
Davra suhbatida ishtirokchilar o‘rtasida amaliy faoliyatda ushbu institutning samarali joriy etilishi va ishlashi bilan bog‘liq bo‘lgan zaruriy bilim olishga sharoit yaratgan masalalar bo‘yicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbati yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda aktivlar va manfaatlarni deklaratsiyalashni joriy qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.