Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Mikrokreditbank” ATB Jizzax viloyati Do‘stlik tumani filiali mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ayblanayotgan fuqaro “Sh.M”ning advokati “N.P” Do‘stlik tuman sudidagi tanishlari orqali yengil jazo turini qo‘llashni vaʼda qilib, 11.200 AQSH dollarini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Olib borilgan surishtiruvlar davomida advokat “N.P” fuqaro “Sh.M”dan jami 11.200 AQSH dollari olib, shundan 1.200 AQSH dollarini sud va tibbiy ekspertiza viloyat bo‘linmasi xodimiga, 10.000 AQSH dollarini tuman sudidagi tanishlariga berishni rejalashtirganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida to‘plangan materiallar asosida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan “N.P” va uning jinoiy sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168, 25,211 va 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida advokat “N.P”ga JKning 28, 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilingan bo‘lib, qamoqqa olish extiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishining “N.P”ning jinoiy sheriklariga tegishli qismi alohida ajratib olinib, ularning xarakatlariga huquqiy baho berilmoqda. Hozirda mazkur jinoyat ishi sud tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilmoqda.