Joriy yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston va Fransiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentliklari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Fransiya Agentligining direktori Charlz Dyushen ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatimiz vakillari davlat organlari va xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, bu borada monitoring qilish samaradorligini baholash mexanizmlari va tamoyillari kabi bir qator yo‘nalishlarda Fransiya Agentligi tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Network of Corruption Prevention Authorities (NCPA) ➖ Korrupsiyaning oldini olish organlari xalqaro tarmog‘iga qo‘shilish shartlari xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: NCPA (Network of Corruption Prevention Authorities -Korrupsiyaning oldini olish organlari xalqaro tarmog‘i) butun dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashish organlari o‘rtasida boshqaruv va axborot tizimini joriy etish, o‘zaro tajriba almashishni osonlashtirish maqsadida 2018 yil oktabr oyida tashkil etilgan. 2019 yilda Fransiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur xalqaro tarmoqning prezidenti etib saylangan.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.