Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakatlar dasturida O‘zbekiston Respublikasining ishtiroki doirasida joriy yilning 16 oktyabr kuni Toshkent shahrida Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tarmog‘ining “Korrupsiyaga qarshi kurashish va noqonuniy aktivlarni qaytarish” mavzusiga bag‘ishlangan 10-uchrashuvining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi uchrashuvlar muqaddam Buxarest (Ruminiya), Kiyev (Ukraina), Batumi (Gruziya), Parij (Frantsiya), Ostona (Qozog‘iston), Baku (Ozarbayjon) va Praga (Chexiya)da ham tashkil etilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Istanbul harakatlar dasturi - bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun submintaqaviy tashabbuslarni o‘zaro baholashda Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i bo‘lib, mamlakatlarning Korrupsiyaga qarshi BMTning Konvensiyasi, boshqa xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarni bajarilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalarni amalga oshirilishini ko‘rib chiqadi va kuzatadi.
Huquqni muhofaza qilish organlar Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i faoliyatining bir yo‘nalishi hisoblanib, u bevosita huquqni muhofaza qiluvchi amaliyotchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida doimiy uchrashuvlar tashkil etish, korruptsiyaga oid ishlarni tergov qilish, ularning salohiyatini kuchaytirish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari va amaliyotini o‘rganishni amalga oshiradi.
Tadbir davomida, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari uchun korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va o‘g‘irlangan aktivlar (mulklar)ni qaytarish mavzularida sessiyalar tashkil etish rejalashtirildi.
Uchrashuvda Albaniya, Armaniston, Ozarbayjon, Bosniya va Gertsogoviniya, Estoniya, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Moldova, Mo‘g‘uliston, Ruminiya, Ukraina kabi davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, shuningdek xalqaro nodavlat tashkilotlar vakillari hamda jinoiy odil sudlov sohasidagi xalqaro ekspertlar ishtirok etadilar.