Prezident Shavkat Mirziyoev 20 iyul' kuni arxitektura va qurilish sohasidagi islohotlar natijalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Xususan, joriy yilning mart oyida qurilish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, barcha bosqichlarda shaffoflikni ta'minlash, innovasion ishlanmalar va ilg‘or axborot texnologiyalarini keng qo‘llash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijalari dastlabki sarhisob qilindi.
Qurilish vazirligi oldiga 337 ta shaharsozlik qoida va normalaridan joriy yilda 60 tasini yangilash vazifasi qo‘yilgan. Yil boshida vazirlikda Qurilishda texnik me'yorlash markazi tashkil etilib, unga 15 nafar malakali mutaxassis jalb etilgan. Hozirda 33 ta yangi shaharsozlik qoida va normalari ishlab chiqilgan.
Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun ilg‘or tajribaga ega xorijiy kompaniyani jalb etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, Prezident tomonidan qurilish sohasida korrupsiya va “xufiyona iqtisodiyot” holatlari keskin tanqid qilindi, tenderlarni o‘tkazish va pudrat tashkilotlarini tanlash jarayonlarini raqamlashtirish zarurligini ta'kidladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 32 mingta pudrat tashkiloti bor. Joriy yil 1 sentyabrga qadar qurilish korxonalarining moliyaviy ko‘rsatkichlari, to‘lov qobiliyati, davlat xaridlari, ishchi-xodimlar malakasi kabi ma'lumotlarni qamrab oluvchi yagona platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Ushbu platforma 1 noyabrga qadar Toshkent shahrida, keyingi yil boshidan respublika bo‘yicha joriy etiladi. Unga elektron mehnat daftarchasi tizimi ham integratsiya qilinishi lozim.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda davlat dasturlari doirasida 3 mingdan ziyod qurilishdan atigi 182 tasida tender o‘tkazilgan. Chunki tender jarayonlari murakkab va unda narx arzonligi birlamchi. Qurilish tashkilotining malakasi, sifat masalasi past o‘rinlarda qolib ketgan.
Shu bois keyingi yildan boshlab, yangi axborot tizimiga kiritilgan va reytingi yuritiladigan qurilish-pudrat korxonalariga mablag‘ ajratilishi belgilandi.