O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 avgust kuni Jahon banki ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Jahon banki tomonidan ajratilgan 500 million dollar kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha shakllantirilgan loyihalar muhokama qilindi. Ta'kidlanganidek, loyihalarni ishlab chiqishda fanni rivojlantirishga, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xususan, jalb qilinayotgan mablag‘ning 87 million dollari qishloq xo‘jaligi sohasidagi 10 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 4 ta ixtisoslashgan markaz faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ajratiladi.
Shuningdek, 70 million dollar ko‘chatlar yetkazib berish, fitosanitariya, geoaxborot va sertifikatlash xizmatlarini ko‘rsatadigan agroxizmat markazlarini tashkil etishga yo‘naltiriladi. Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish uchun berilayotgan 10 million dollar hisobiga yerlarning hosildorligi, tuproq tarkibi tahlili, zarur mineral o‘g‘itlar turi va miqdori, soliq, transport-logistika va mahsulotlar bozorlari haqida ma'lumotlar olish imkoni yaratiladi.
Kooperativlar va klasterlarni rivojlantirishga mo‘ljallangan 200 million dollar hududlar o‘rtasida taqsimlangan. Bundan tashqari, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan Farg‘ona vodiysi uchun qo‘shimcha 54 million dollar hamda Xorazm viloyatiga 100 million dollar mablag‘ ajratilgan. Intensiv bog‘ maydonlarini kengaytirishga 65 million dollar yo‘naltirish belgilangan. Xususan, buning hisobidan Toshkent viloyatida 500 gektar, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘ona va Samarqandda 300 gektardan, Jizzaxda 250 gektar, Qashqadaryo hamda Surxondaryoda 200 gektardan, Qoraqalpog‘istonda 100 gektar maydonda yangi usuldagi intensiv bog‘lar yaratilishi rejalashtirilgan.
Prezident agrar tarmoqqa ajratilayotgan investisiyalardan to‘g‘ri foydalanish, ajratilayotgan har bir dollarni uch dollarga aylantirish, imtiyozli kreditlarni qaytarish bo‘yicha aniq hisob-kitob asosida ishlash zarurligini ta'kidladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larni maqsadli ajratilishi va sarflanishi jarayonida ochiqlik va oshkoralik hamda shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish, shuningdek, loyihani amalga oshirishda ochiqlik va oshkoralik hamda shaffoflikni ta'minlash ustidan doimiy nazorat o‘rnatish vazifasi yuklatildi.