Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda. Xususan, bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Malayziyaning korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muhtor elchisi Ravshan Usmonov, Korrupsiyaga qashi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbari Datuk Seri Azam va boshqa mas'ul xodimlar ishtirok etishdi.
Muloqot avvalida Korrupsiyaga qashi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamkorlarga O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Agentlik faoliyati, shuningdek, kelgusidagi rejalar va dolzarb masalalar haqida batafsil ma'lumot berdi.
O‘z navbatida, Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi vakillari tomonidan muassasa faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Ta'kidlanganidek, Komissiya 1967 yilda agentlik shaklida tashkil etilgan. Bugungi kunda 16 ta hududiy bo‘limlari mavjud bo‘lib, tizimda jami 2500 ziyod xodimlar ishlaydi.
Uchrashuv davomida ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, idoralararo hamkorlik, shu jumladan, tomonlar o‘rtasida aloqalarning huquqiy asosi – o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash masalalari muhokama qilindi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda malayziyalik hamkasblar O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi yangi agentlik tashkil etilganidan mamnun ekanlarini, uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda o‘zaro hamkorlik qilishga, ekspert va konsul'tativ ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Muloqot yakunida har ikki tomon o‘zaro tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha tegishli loyihalarni hayotga tadbiq etishga kelishib olishdi.