9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini yurtimizda keng nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning noyabr–dekabr oylari davomida Antikorrupsiya haftaligi o‘tkaziladi.
Haftalik doirasida sohadagi dolzarb masalalar, zamonaviy tendensiyalar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tanlovlar, shuningdek, davlat idoralarida “halollik vaksinasi”ning joriy etilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar mahalliy va xorijiy ekspertlar, fuqarolar, yoshlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, ushbu yo‘nalishda jiddiy qadamlar tashlandi. Xususan, O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini yurituvchi yangi va mustaqil tuzilma — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida jamoatchilik fikrini o‘rganib kelmoqda. Xususan, Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda. E'tiborli tomoni shundaki, Jamoatchilik kengashiga a'zolarni tanlash ilk bor ochiq tanlov asosida amalga oshirilmoqda. Kengashning ilk yig‘ilishi noyabr' oyining so‘ngida o‘tishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Haftalik doirasida bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mahalliy va xalqaro ekspertlarning fikr va takliflarini o‘rganish, shuningdek, istiqboldagi dolzarb vazifalar va tendensiyalarni muhokama qilishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy anjumanlar tashkil etiladi.
Jumladan, 24-25-noyabr kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Birlashgan millatlar tashkilotining giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropa rivojlanish va taraqqiyot banklari bilan hamkorlikda “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati va BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasining implementasiyasi” mavzusida mintaqaviy vebinar bo‘lib o‘tadi.
2-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “Hududiy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda davlat xizmatida korrupsion xatti-harakatlarning oldini olish, davlat xizmatchilari faoliyatiga “halollik vaksinasi”ni tadbiq etishning huquqiy asoslariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tadi. Seminarda davlat boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar, ularning hududiy boshqarmalari rahbarlari, mahalliy hokimliklar mutasaddilari onlayn tarzda ishtirok etadi.
3-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish: muammolar va ularning yechimlari” mavzusida global anjuman bo‘lib o‘tadi. Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotlari hamkorligida o‘tkaziladi. Global anjumanda mahalliy vazirlik va idora vakillari bilan birga Qozog‘iston, Malayziya, Ukraina, Italiya kabi davlatlar vakillari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining antikorrupsiya tarmoq ekspertlari onlayn shaklda, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari esa bevosita ishtirok etishadi.
Bundan tashqari, 3-4-dekabr kunlari kun davomida bir qator davlat xo‘jalik boshqaruv organlarida (vazirlik va idoralarda) ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi. Tadbir davlat organlari faoliyatining ochiqligi, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini ta'minlash hamda OAV, jurnalist hamda blogerlar, fuqarolarga sohada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berish maqsadida tashkil etiladi.
4-dekabr kuni Xalqaro press-klubning maxsus sessiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari, xususan, qonunchilik bazasi yaratilgani, “Korrupsiyasiz soha” loyihalarining amalga oshirilayotgani, vakolatli organ tashkil etilgani hamda Agentlik faoliyati va kelgusidagi rejalari sarhisob qilinadi. Sessiyada vakolatli davlat organlarining rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, UNICEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda barcha hududlarda yoshlar ishtirokida ijtimoiy so‘rovlar, aksiyalar, fleshmob, ijtimoiy tarmoqlarda antikorrupsiya xeshteglarni ommalashtirish va hududlarda o‘quvchilar uchun maxsus antikorrupsiya darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, haftalik doirasida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Agentlik va bir qator manfaatdor tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib etish, aholida korrupsiya illatiga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmalari hamkorligida “Korrupsiyani birgalikda yengamiz!” respublika tanloviga start berildi. Tanlovga arizalar qabuli 2020 yilning 30-noyabriga qadar davom etadi. Tanlov quyidagi asosiy va maxsus nominasiyalardan iborat:
– «Eng yaxshi ijtimoiy videorolik»;
– «Eng yaxshi jurnalistik surishtiruv»;
– «Eng yaxshi tasviriy asar va grafik dizayn» (tasviriy san'at asari, karikatura, illyustratsiya, plakat, banner, komiks);
– «Eng yaxshi insho» (o‘quvchi va talabalar o‘rtasida);
– «Ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi uchun» (bloger, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh, sahifa, kanallar);
– «Eng faol nodavlat notijorat tashkiloti»;
– «Korrupsiyaga qarshi eng faol targ‘ibot olib borgan OAV».
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni keng ko‘lamli antikorrupsiya haftaligi yakunlari sarhisobi va tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati