Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari
yuzasidan amalga oshirilgan ishlar
“O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik, shuningdek manfaatdor vazirlik va idoralarning taklif va tavsiyalari e’tiborga olinib, 2021 yilning 29 yanvar kuni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va xulosa berish uchun tegishli tartibda Adliya vazirligiga yuborildi.
Hozirda Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–4761-son Qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agenligining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqildi.
Loyiha yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralarning taklif va tavsiyalari olindi. Nizom loyihasi 2021 yilning 25 yanvarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va xulosa berish uchun Adliya vazirligiga yuborilgan.
Hozirda Nizom loyihasi tegishli tartibda Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida Agentlikka normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali 12 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari kelib tushgan bo‘lib, bularning barchasi tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar yuborildi.
Davlat dasturlari va strategiyalar tayyorlash yo‘nalishi
bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
Hisobot davri davomida Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yilning 28 yanvarida manfaatdor vazirlik va idoralar, jamoatchilik hamda nodavlat sektor vakillari ishtirokida Milliy strategiya loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan Milliy Maslahatlashuv muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Milliy strategiya loyihasi yuzasidan kelgusida ham bu kabi muhokamalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Xususan, fevral–mart oylari davomida Toshkent shahri va hududlardagi ilmiy va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlar ishtirokida ochiq muhokamalar tashkil etiladi.
Agentlik tomonidan Harakatlar strategiyasining “Yoshlarni qo‘llab quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga ham 10 dan ortiq takliflar taqdim etildi.
Korrupsiyaning oldini olish va “komplayens-nazorat” tizimini
joriy etish sohasida amalga oshirilgan ishlar
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Hisob palatasi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish yuzasidan 26 ta vazirlik va idoralarda «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, 2020 yil sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlangan.
Hozirda, vazirlik va idoralarda “Yo‘l xaritasi”da 2021 yil yanvar oyi yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar davom ettirilib, ijrosi nazorat qilib borilmoqda.
Shuningdek, Hisob palatasi bilan hamkorlikda anticor.ijro.uz elektron nazorat tizimi joriy etilib, ushbu tizim orqali 26 ta vazirlik va idoralarda tasdiqlangan “Yo‘l xaritalari”da belgilangan
1 176 ta topshiriqlar ijrosi test rejimida nazorat qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktabrdagi 6098-son Farmoni bilan tasdiqlangan Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralarning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»sida belgingan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida vazirliklar, idoralar hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi muvofiqlik va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish tizimlarini joriy etish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik Hisob palatasi bilan hamkorlikda 2021-2022 yillar davomida tashkiliy tuzilmasida korrupsiyaga qarshi muvofiqlik va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish tizimlarini joriy qilish zarur bo‘lgan 57 ta (2021 yilda 33 ta, 2022 yilda 24 ta) vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari hamda davlat ulushiga ega korxona va tijorat banklari ro‘yxati shakllantirilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tasdiqlash uchun kiritildi.
Davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi
doirasida amalga oshirilgan ishlar
Joriy yilning 6-11 yanvar kunlari ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdorlariga tegishli deb gumon qilingan qurilish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat buyurtmalari qonun talablariga zid ravishda qo‘lga kiritilgani haqidagi xabarlar tarqalgan.
O‘rganishlar jarayonida Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda “Navoiy Tears Invest” MCHJ bilan qiymati 38,0 mlrd.so‘mlik jami 11 ta qurilish ob’ektlari bo‘yicha shartnomalar tuzilgani aniqlandi. O‘rganishlar davomida jami 1 588,5 mln. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Shu jumladan, nazorat o‘lchovi bo‘yicha 55,4 mln. so‘m, qurilish loyiha ekspertizasi bo‘yicha 13,6 mln. so‘m, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi bo‘yicha 44,3 mln. so‘m, O‘zstandart agentli bo‘yicha 7,0 mln so‘m, Navoiy viloyat davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi bo‘yicha 1,468,2 mln so‘m sug‘urta polisi mavjud bo‘lmagan holda qurilish ob’ekti moliyalashtirilganligi holatlari aniqlangan.
Shu kabi holat, Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan “Mexrangez B-2002” MCHJ bilan qiymati 4,7 mlrd.so‘mlik 2 ta qurilish ob’ektlari bo‘yicha shartnomalar tuzilganligi aniqlandi. O‘rganishlar davomida jami 58,7 mln so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlandi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Andijon viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi, “Qishloq qurilish invest” MCHJ IK Andijon viloyat filiali, Andijon viloyati qurilish bosh boshqarmasi mansabdor shaxslariga tegishli qurilish korxonalari tomonidan davlat buyurtmalari qonun talablariga zid ravishda qo‘lga kiritilganligi holatlari yuzasidan Hisob palatasi va boshqa vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganishlar olib borilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida Andijon viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida shartnoma qiymati 139,7 mlrd. so‘mlik 17 ta, “Qishloq qurilish invest” MCHJ IK Andijon viloyat filiali buyurtmasi asosida 3,2 mlrd. so‘mlik 1 ta qurilish ob’ektlari qamrab olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida 2019-2020 yillarda jami 541 ta ob’ektlarda 480,4 mlrd. so‘m, shundan 2019 yilda 321 ta ob’ektlarda 287,0 mlrd. so‘m hamda 2020 yilda 220 ta ob’ektlarda 196,4 mlrd. so‘m respublika va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qurilish-montaj ishlari olib borilgan.
Agentlik xodimlari tomonidan o‘rganilganda, Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida 2019-2020 yillar davomida 6 ta qurilish jamiyatlari tomonidan jami 53 ta ob’ektlarda 171,5 mlrd. so‘mlik (umumiy qiymatga nisbatan 35 %ni tashkil etadi) tender (tanlov) savdolari qo‘lga kiritilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishda qurilish ob’ektlariga nisbatan o‘tkazilgan tender (tanlov)larda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi, odob-axloq qoidalari qo‘pol ravishda buzilganligi, tender jarayonini o‘tkazish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Jumladan, Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi direktori M.Q., direktor o‘rinbosari M.K., Qurilish bosh boshqarmasining boshlig‘i R.X., “Qishloq qurilish invest” MCHJ IK Andijon viloyat filiali direktori R.D. xizmat faoliyatini olib borishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib, o‘zi yoki yaqin qarindoshlariga qarashli firmalarni tender (tanlov)larda qatnashishiga yo‘l qo‘ygan va oqibatda ushbu firmalar tender (tanlov)larda g‘olib bo‘lgan.
Shuningdek, “Jahon ma’mur qurilish” MCHJ va “Shahrixon qurilish grant” MCHJ qatnashgan 7 ta tanlov va tenderlarda affillanganlik holatlari mavjud.
Bundan tashqari, 18 ta tanlov va tenderlarni o‘tkazish jarayonlarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunosti normativ hujjatlar talablari buzilgan.
Yoki, ayrim ishtirokchi tadbirkorlar tanlov va tenderga korxonaning moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi, buxgalteriya balansi, ishchilar soni to‘g‘risidagi hisobotlarni noto‘g‘ri topshirgan.
O‘rganilgan 12 ta qurilish ob’ektlari bo‘yicha loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilishida qurilish materiallari narxlari noto‘g‘ri qabul qilinishi natijasida qurilish ob’ektlari loyihasi qiymati 9,4 mlrd. so‘mga ortib ketgan.
Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan 2-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida 3,6 mln. so‘m, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabida 20,5 mln. so‘m, Baliqchi tumanidagi 35-sonli umumta’lim maktabida 2,9 mln. so‘m, Shahrixon tumanidagi tibbiyot birlashmasi 2-sonli tug‘ruqxona kompleksida 30,9 mln. so‘m, jami 4 ta qurilish ob’ektlarida 57,9 mln. so‘m miqdorda sifatsiz ishlar amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.
Barcha 18 ta qurilish ob’ektlarining 11 tasi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, dastlabki bosqichda ulardan 4 tasida nazorat o‘lchovi o‘tkazildi.
Nazorat o‘lchovi natijasida Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan 2-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida 335 mln. so‘m, Baliqchi tumanda joylashgan 35-sonli umumta’lim maktabida 354 mln. so‘m, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabida 408 mln. so‘m, Shahrixon tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasi 2-sonli tug‘riqxona kompleksida 389 mln. so‘m, jami 4 ta qurilish ob’ektlarida 1 mlrd 486 mln. so‘mlik ishlar kam bajarilgani aniqlandi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan yuqoridagi holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish lozimligini inobatga olib, to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etildi. Hozirgi kunda 4 ta qurilish ob’ektlari bo‘yicha aybdor shaxslarga JKning 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi o‘rganishlar Jizzax hamda Xorazm viloyatlarida ham amalga oshirildi. Bu haqida tezkor ma’lumot Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlarini ko‘rib chiqish tahlili
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021 yil yanvar oyida 556 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 434 tasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi ta’minlangan.
Kelib tushgan murojaatlarning 11 tasi anonim deb topilgan.
Murojaatlarda ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 8 ta taqdimnoma, 10 ta so‘rovnomalar kiritilib, shundan 1 ta murojaat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 1 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 1 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud-huquq sohasidagi muammolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlaridan noroziliklar va turli sohalarda korrupsiyaviy holatlarning
yuz berayotganligi to‘g‘risida yozilgan murojaatlardan iboratdir. Jumladan, yanvar oyida Agentlikka qo‘yidagi soha va yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi:
- sud qarorlaridan noroziliklar 85 ta (15,3%);
ayrim xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining
xatti-harakatlaridan noroziliklar masalasida 69 ta (12,4%);
- ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari
va qarorlaridan noroziliklar 37 ta (6,7%);
- mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar 29 ta (5,2%);
- prokuratura idoralari qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal bo‘lmayotganligi bo‘yicha 28 ta (5,0%);
- davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 24 ta (4,3%).
Kelib tushgan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (164 ta), Samarqand
(46 ta), Qashqadaryo (43 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Eng kam murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (11 ta), Farg‘ona (17 ta) hamda Sirdaryo (13 ta) viloyatlaridan kelib tushgan.
Bundan tashqari, olingan murojaatlar asosida 22 yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xitoy davlatidan Qozog‘iston Respublikasi orqali mamlakatimizga import tovarlarini tashish bilan shug‘ullanuvchi avtofura haydovchilarining Toshkent viloyatida joylashgan “Yallama” chegara-bojxona posti orqali o‘tishlari jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib, ulardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar
Agentlik tomonidan 2021 yil yanvar oyi davomida xalqaro aloqalarni rivojlantirish va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish yo‘nalishida qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, joriy yilning dastlabki kunlarida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi Favqulodda va Muxtor elchilarini sohaga oid olib borilayotgan islohotlar haqida xabardor qilish va Agentlik faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Oliy Majlis Senati rahbariyati va Agentlik direktori ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, 6 ta onlayn va oflayn shakldagi uchrashuvlar tashkil etilib, Xitoy, Shvetsiya hamda Finlyandiya davlatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchilari va Agentlik direktori o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, Agentlik direktori o‘rinbosari Yaponiyaning O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili bilan uchrashdi.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Yevropa firibgarlikka qarshi kurashish Byurosi (OLAF) bilan ilk marotaba onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi hamda tomonlar hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bilan yangi Hamkorlik loyihasi ishlab chiqishga kelishildi va O‘zbekistonning tashkilotning Istanbul harakatlar rejasi dasturi doirasidagi 5-raund monitoringini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan Milliy maslahatlashuv yig‘ilishi” tashkil etildi.
Agentlik va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston hududlari va tarmoqlarida korrupsiyani o‘lchash metodologiyasini ko‘rib chiqish va ekspertlik fikrini olish uchun BMT GJB, BMT TD, IHTT va YEXHT tashkilotlari ekspertlariga yuborildi.
Bundan tashqari, Agentlik vakillari hamda tegishli tashkilotlar xodimlari, Yevropa Ittifoqining ekspertlari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va sohaga oid ilg‘or tajribalar taqdimotiga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazildi.
Shu bilan bir katorda, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xorijiy amaliyotni o‘rganish maqsadida Buyuk Britaniya, Fransiya va Qozog‘iston ekspertlarini jalb etgan holda onlayn vebinarlar tashkil etildi.
Bugungi kunda Agentlikning xalqaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xalqaro hamkorligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi va ikki yillik chora-tadbirlar rejasi tuzildi.
Bayon etilganlardan tashqari, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonni ikkinchi bosqich obzordan o‘tkazish ishlari boshlandi.