“Adolat” SDP, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, BMT huzuridagi Xalqaro Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasining O‘zbekistondagi vakili, Vebster universiteti xalqaro tadqiqotlar va falsafa professori Qodir Kuliyevning “Korrupsiya va milliy taraqqiyot: muammo hamda yechim” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Unda korrupsiyaning ijtimoiy xavfi haqida tushuncha berildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiya ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Korrupsiya tizginlanmasa, taraqqiyot yo‘lida qilinayotgan islohotlar, o‘zgarishlar o‘z samarasini bermaydi. Korrupsiya darajasining yuqoriligi mamlakatning xalqaro miqyosda obro‘sini tushiradi, investitsiyaviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani ham tizimda salmoqli o‘zgarishlar yasash yo‘lida muhim qadam bo‘lgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini shakllantirish, ularning faolligi, jamiyatdagi o‘rnini oshirish, har qanday ishda mas’uliyat bilan yondashgan holda salbiy illatlarga qat’iy kurashish lozimligi qayd etildi.
Tadbir qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.