Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida tashkil etilgan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rahbar xodimlarining huquqiy va kasbiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarining navbatdagisiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari taklif etildi.
Uchrashuv avvalida Agentlik xodimlari IIV YHXBBda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishishdi. Bunda asosiy e’tibor sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash, zamonaviy usullar orqali tizimdagi kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarga qaratilgani ta’kidlandi.
Jumladan, ushbu o‘zgarishlarning har biri yakunda sohadagi korrupsion omillarni kamaytirishga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Bunda boshqarma qoshidagi respublikaning barcha hududlaridagi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining xatti-harakatlarini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan navbatchilik qismi faoliyati natijasida tizim xodimlari o‘rtasida sodir etilgan har qanday noqonuniy harakatni bevosita kuzatish imkoniyati mavjudligi namoyish etildi.
Bundan tashqari IIV YHXB Media-markazi faoliyati tizimning xalq uchun ochiq oshkora bo‘lishini ta’minlash maqsadida barcha zaruriy texnikalar bilan jihozlangani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng hududiy boshqarmalar rahbar kadrlari uchun tashkil etilgan amaliy seminarda Agentlik mas’ul xodimi tomonidan “DYHX xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish masalalari” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Unda tizim xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Agentlik faoliyati, rejalashtirilgan yo‘nalishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga DYHX tizimida korrupsiyaga sabab bo‘luvchi ayrim holatlar hamon saqlanib qolinayotgani, ularni bartaraf etish uchun o‘zaro hamkorlikning o‘rni muhimligi ta’kidlandi.
Seminar o‘zaro muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi hamda korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha soha xodimlarining ham tashabbuslari tinglandi.