O‘zbekiston va Xitoy Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari doirasi joriy yildan boshlab kengayadigan bo‘ldi. Bu haqidagi masala 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi vakillari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi hamkorlik masalalariga oid onlayn uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Milliy nazorat komissiyasi raisi Yan Syaodu, XXR Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Yucheng va boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun: Xitoy Xalq Respublikasining Milliy nazorat komissiyasi mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha eng oliy organ bo‘lib, ma’muriy jihatdan Oliy Xalq sudi va Oliy Xalq prokuraturasiga tenglashtirilgan.
Komissiya raisi Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi tomonidan tayinlanadi. Milliy nazorat komissiyasi Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi va uning doimiy qo‘mitasi oldida hisobdordir.
Muhokamalar jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, Xitoy va O‘zbekiston vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va qonun ijodkorligi masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali hamkorlik mexanizmi va yo‘nalishlarni belgilash, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish, Korrupsiyaga qarshi BMT Konvensiyasi doirasida aloqalarni kuchaytirish tomonlar uchun alohida e’tiborda ekanligi ta’kidlandi.
Muloqotda Agentlik direktori so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini, 2020-yilda sohaga oid muhim tashkiliy, dasturiy hujjatlar qabul qilinib, alohida mustaqil idora tashkil etilganini qayd etdi.
Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantiruvchi, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangani ta’kidladi. Shuningdek, Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda uning oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar, xususan, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
O‘z navbatida Yan Syaodu Xitoy Xalq Respublikasi ham mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
- O‘zbekiston Respublikasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholaymiz. Bu borada davlatingiz rahbarining juda katta siyosiy iroda ko‘rsatayotganini guvohi bo‘layapmiz. Shavkat Mirziyoyev faoliyatining ilk kunlaridanoq har bir chiqishida islohotlarning asosiy mazmuni inson va uning manfaatlari uchun ekanligini takrorlab kelmoqda. Jumladan, 2020-yilning may oyida ikki davlat rahbarlarining telefon orqali suhbatida ham ushbu yo‘nalishda belgilangan bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshirishga tayyormiz. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ham idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan mamnunmiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligimiz har ikki davlat xalqlari uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Bundan tashqari Yan Syaodu Xitoy davlatining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘ziga xos tajribasi, bu xavfli illatni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yo‘nalishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, qonunchilikni takomillashtirish, davlat xizmatchilariga halollik tamoyillarini singdirish, xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, pora olish, davlat mulkini o‘zlashtirish kabi jinoyatlarni oldini olish, aniqlash, tergov qilish kabi vazifalarni amalga oshirishi ta’kidlandi.
Tomonlar davlat organlarida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqish, davlat xizmatchilariga halollik va odob-ahloq qoidalarini singdirishga qaratilgan o‘quvlarni tashkil qilishda hamkorlik qilish, davlat xizmatida korrupsiyani oldini olish instrumenti hisoblangan rotatsiya instituti bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish masalalari bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv konstruktiv muloqot ruhida bo‘lib o‘tdi.