Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi topshirig‘iga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan respublikaning barcha viloyatlarida ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsion omillar o‘rganilmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar Namangan viloyatida davom ettirilib, dastlab Agentlik va viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan boshqarma va uning hududiy bo‘limlari hamda sohaviy xizmatlarining rahbar, xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik rahbari A.Burxanov tomonidan xodim va fuqaro o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarga yetaklovchi omillar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda ichki ishlar organlari tizimida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi, yo‘l harakati xavfsizligi, tergov departamenti va huquqbuzarlik profilaktikasi kabi tuzilmalar boshqa sohalarga nisbatan korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan xizmatlar hisoblanishi qayd etildi. Chunki mazkur xizmat xodimlari bevosita fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatga kirishadi.
Shuningdek, mavjud to‘siq va kamchiliklarni aniqlash maqsadida fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘luvchi xodimlar orasida o‘rganish o‘tkazilishi alohida ta’kidlandi.
Ayni paytda agentlik tomonidan xodimlar faoliyati o‘rganilmoqda, shuningdek, hudud aholisining ham fikr va takliflari o‘rganilmoqda.