O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgandan 2021-yilning 1-martiga qadar Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 1 930 ta murojaat kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlarining 120 dan ziyodi ijobiy hal etilgan, 255 ta murojaatga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan hamda Agentlik rahbariyati tomonidan tashkil etilgan shaxsiy va sayyor qabullarda jismoniy va yuridik shaxslarning muammolari tezkorlikda hal etish choralari ko‘rilgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahri va hududlarda fuqarolar bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan vaqt davomida Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari tomonidan muntazam sayyor va shaxsiy qabullar tashkil etildi. Uchrashuvlarda 150 nafardan ziyod jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘rilgan.
Murojaatlarda ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 37 ta taqdimnoma, 5 ta ogohlantirish, 58 ta so‘rovnomalar kiritilib, shundan 15 ta murojaat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 18 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 4 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan, 4 nafar mansabdor shaxsning qarori hamda 3 ta tender savdolari bekor qilingan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan Agentlikka korrupsion xatti-harakatlar mavjudligi ehtimoli bilan yo‘llangan arizalar o‘rganilishi natijasida ko‘plab murojaatlar qanoatlantirildi.
Misol uchun, Agentlikka qilingan murojaat asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, «Yallama» chegara-bojxona postida tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avtofura chegara-bojxona posti orqali o‘tishlari jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib, ulardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Natijada, ulardan 410 ming AQSH dollari, turli ko‘rinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Jinoiy guruh a’zolariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ularning ikki nafar yetakchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan fuqarolarning korrupsion holatlar ehtimoli yoki tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilganlikda gumonlanib yo‘llagan murojaatlarini ham doimiy o‘rganib kelmoqda.
Xususan, Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro A.Normurotovning murojaati bo‘yicha (hokimlik mansabdor shaxslari sud qarori ijrosini ta’minlamay kelgan) o‘rganishlar o‘tkazildi. Aniqlanishicha, Uchko‘prik tumani ma’muriy sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilib, Dang‘ara tumani hokimining qarori haqiqiy emas deb topilgan. Biroq, tuman hokimligi yuqoridagi sud qarori ijrosini ta’minlamay kelgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Uchko‘prik tumani ma’muriy sudi qarorining hokimlik tomonidan ijrosi ta’minlanib, tuman hokimligiga rasmiy ogohlantirish berilgan.
Yana bir holat. Agentlik tomonidan Shovot tumanida yashovchi fuqaro N.Yusupovning murojaati (unga tegishli bo‘lgan yer maydonida noqonuniy ravishda qurilgan imoratni buzdirib, yer maydonidan majburiy tartibda chiqarishni so‘ragan) o‘rganib chiqildi.
Muallif o‘z murojaatida da’vogarga nisbatan sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, Xorazm viloyati, Shovot tumani, O‘zbekiston qishlog‘ida joylashgan 500 kv.m yer maydonida noqonuniy ravishda qurilgan imoratni buzdirib, yer maydonidan majburiy tartibda chiqarishni so‘ragan. Mazkur nizoli holat turli instansiya sudlari tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli sud qarorlari qabul qilingan.
Biroq, N.Yusupov sud tomonidan qabul qilingan qarorlardan norozi bo‘lib, Agentlikka yo‘llagan murojaati asosida, ma’muriy ish hujjatlari o‘rganib chiqilib, Xorazm viloyati ma’muriy sudi kassatsiya instansiyasining 2020-yil 16-oktabrdagi ajrimini bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga so‘rovnoma kiritilgan. So‘rovnoma natijasi bo‘yicha Oliy sud tomonidan yuqoridagi sud qarori bekor qilingan.
Agentlik tomonidan Toshkent shahrida yashovchi Niderlandiya Qirolligi fuqarosi G.Sholtening murojaati o‘rganib chiqilgan.
Muallif murojaatida Andijon shahrida yashovchi G.T uni aldab, jami 51 ming AQSH dollari pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi IIB organi tergovchilari tomonidan asossiz tugatilganidan norozilik bildirgan.
Agentlik tomonidan muallif murojaatini o‘rganib chiqish davomida Andijon viloyat prokuraturasiga O‘zbekiston Respublikasi JPKning 382-moddasi tartibida jinoyat ishi bo‘yicha qabul qilingan qarorning qonuniyligini o‘rganib chiqish bo‘yicha so‘rovnoma yuborilgan.
Jinoyat ishi hujjatlari Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilib, jinoyat ishini tugatish haqidagi Andijon viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisining qarori bekor qilinishi ta’minlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi barcha murojaatlarning ahamiyati yuqori ekanligi va har bir murojaatning ortida insonlar taqdiri turganligini inobatga olgan holda doimo jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga harakat qiladi.
Shu bilan birga, Agentlik kelib tushayotgan murojaatlar soni kundan-kunga sezilarli darajada oshib borayotganligi sababli fuqarolardan arizalarda korrupsion xatti-harakatlar haqida batafsil, aniq dalillar asosida taqdim etilishini so‘raydi. Bu arizaning mas’ullar tomonidan har tomonlama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqilishiga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati