Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning 3-mart kuni “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, RSHTYIM Buxoro filiali, Viloyat perinatal markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Kogon shahar, Jondor tuman tibbiyot birlashmalari hamda Jondor tumanidagi qishloq vrachlik punktlariga tashrif buyurildi.
Sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli muassasalarda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan axborot ma’lumotlari, tarqatma materiallarni chop etish yo‘lga qo‘yilganligi, aholi hamda xodimlar o‘rtasida anonim so‘rovlar o‘tkazib kelinayotganligi, pullik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha “Axborot burchak”lari tashkillashtirilganligi holati ko‘zdan kechirildi.
Shu bilan birga, rahbar xodimlar va jamoa a’zolari bilan korrupsiyaning oldini olish, jamoada sog‘lom muhitni ta’minlash bo‘yicha suhbatlar ham o‘tkazildi.
O‘rganishlar yakunida muassasalarga xodimlarni ishga olish jarayonlarini shaffoflashtirish, bu jarayonlar ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish, tibbiyot kollejlaridagi mavjud kvotalar miqdorini qayta ko‘rib chiqish takliflari bildirildi.