Joriy yilning 25-mart kuni O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Adliya vazirligi hamkorligida Yevropa Kengashi Venetsiya komissiyasi vakillari bilan “Markaziy Osiyoda huquq ustuvorligi dasturining “Markaziy Osiyoda davlat institutlari va davlat boshqaruvining samarali faoliyatiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida onlayn-uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda xorijiy ekspertlar tomonidan loyihaning asosiy maqsadi, kutilayotgan natijalar, mazkur jarayonlarga jalb etilgan davlatlar, davlat organlari va xalqaro institutlar haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, institutsional o‘zgarishlar va agentlik to‘g‘risidagi masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Venetsiya komissiyasining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.
Mazkur hamkorlikda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, xodimlarning malakasini oshirish, komplayens-nazorat sohasida ilg‘or tajribani o‘rganish kabi muhim yo‘nalishlarga asosiy etibor qaratildi.