Joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Tadbirda senatorlar, Milliy kengash a’zolari — mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Milliy kengash a’zolari hamda mas’ul idoralar vakillari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha
2021–2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasini tayyorlash, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ikki yillik davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish, davlat organlarida ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarini tashkil etish,
2017-2020-yillarda davlat dasturlari ijrosi yuzasidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ob’ektlarni qurish va ta’mirlash ishlarida budjet mablag‘larining samarali sarflanganini o‘rganish masalalari kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Tadbir davomida, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar tahlil qilindi. Mazkur sohalarni tartibga solish bo‘yicha 10 dan ortiq yangi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgani e’tirof etildi (yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi 37-son qarori hamda “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 55-son qarori, Davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning yagona milliy klassifikatorini yuritish qoidalari qabul qilindi, amaldagilariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi). Ushbu o‘zgarishlar davlat xaridlari sohasiga axborot texnologiyalarini kengroq jalb qilish orqali inson omilini cheklash, ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish, sohada korrupsion xavf-xatarlarni kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda shuningdek, hududlarda qurilish sohasida o‘tkazilgan tender va davlat xaridlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, Jizzax, Andijon, Navoiy hamda Xorazm viloyatlaridagi 59 ta qurilish ob’ektlari bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishda bir qator moliyaviy xato va kamchiliklarga, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik, idora va tashkilotlarga 13 ta taqdimnoma kiritilib, 25 ta so‘rovnoma va 3 ta ogohlantirish xatlari yuborilgan. Mazkur so‘rovnomalar bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida ham “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar va oldinda turgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda har bir oilaviy shifokorlik punkti, oilaviy poliklinika va shifoxonaning kirish joylarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan eslatma hamda targ‘ibot materiallari tayyorlangani, “1203” qisqa raqami orqali fuqarolardan sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha murojaat yo‘llash imkoniyat yaratilganligi e’tirof etildi.
Bundan tashqari, Andijon, Buxoro, Samarqand viloyatlarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘rganishlar natijalari ham tahlil qilindi. O‘rganish natijasida kadrlarni ishga qabul qilishda ochiq tanlovlar asosida qabul qilish tizimi joriy qilinmaganligi, tibbiyot sohasida malaka darajasiga ega bo‘lgan va o‘z sohasi bo‘yicha ishga joylashish istagida bo‘lgan mutaxassis kadrlarning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilmaganligi, shuningdek, o‘rganish va o‘tkazilgan monitoring tadbirlari natijasida 2020-yildan bugungi kungacha jami 50 mlrd. so‘mdan ortiq qiymatdagi moliyaviy xato kamchiliklar aniqlangani ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish va har ikki sohani korrupsiyasiz sohaga aylantirish bo‘yicha tegishli takliflar bildirib o‘tildi.
Yig‘ilishda Milliy kengash tomonidan 2020 yil dekabr oyida tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha yo‘l xaritasining ijro holati ham muhokama etildi.
Ushbu yo‘l xaritasi asosida quyidagi ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Xususan:
- BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi 7-moddasi, ya’ni siyosiy partiyalarni moliyalashtirishda shaffoflikni kuchaytirish borasidagi qoidalarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga yegishli o‘zgartirish kiritildi;
- O‘zbekiston biznesining Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
- Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash o‘z aksini topdi.
Kengash a’zolari shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilish holati monitoringini xalqaro ekspertlar tomonidan o‘tkazilishini tashkil etish chora-tadbirlari masalasini atroflicha muhokama etishdi.
Monitoring doirasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining Korrupsiyaning oldini olish va Aktivlarni qaytarish bo‘yicha choralarni nazarda tutuvchi qoidalarining amalga oshirilish holati o‘rganilishi qayd etib o‘tildi.
Shu munosabat bilan, yig‘ilishda mazkur monitoringni o‘tkazish doirasida tegishli tashkiliy va axborot-tahlil faoliyatini amalga oshiruvchi Ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlandi.
Monitoring jarayonida xalqaro ekspertlar tomonidan bildiriladigan baho O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi o‘rnini yaxshilashda muhim o‘rin tutishini inobatga olib, barcha vazirlik va idoralarga ushbu jarayonlarga jiddiy e’tibor qaratish va ma’lumotlarni sifatli va to‘liq holda taqdim etish vazifasi yuklatildi.
Ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi.