Agentlik tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali bir nechta fuqarolarning Navoiy viloyati Karmana tumani Obodonlashtirish boshqarmasi rahbari B.F.ning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqildi.
Ushbu murojaatda fuqaro B.F. Karmana tumani Obodonlashtirish boshqarmasi rahbari lavozimiga tayinlangani, uning Navoiy viloyat hokimi va Karmana tuman hokimiga qarindoshlik aloqalari borligi, shuningdek u xodimlarni ishdan bo‘shatib, tanishlarini ishga qabul qilishga urinayotganligi ma’lum qilingan.
Karmana tuman hokimligi va tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotnoma hamda boshqa tegishli hujjatlar o‘rganib chiqilganda, quyidagilar ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, fuqaro B.F 2020-yil 23-noyabr kunidan hozirgi vaqtga qadar boshqarma bosh muhandisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotganligi, u boshqarma boshlig‘i lavozimiga tavsiya etilmaganligi, shuningdek, boshqarma boshlig‘i lavozimida umuman rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda Karmana tuman hokimining tegishli farmoyishga asosan, fuqaro S.S. tuman Obodonlashtirish boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, Youtube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida “Tilla bobodan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat” nomli videomurojaatda ko‘tarilgan masalalar o‘rganildi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida ekin yerlari minglab odamlarga tomorqa sifatida sotib yuborilgani, prokuratura tomonidan protest kiritilishiga qaramay Qumqo‘rg‘on tumanida noqonuniy qurilayotgan avtomobillarga gaz quyish shahobchasining qurilishi davom etayotgani, “Surxon” suv omborining drenaj sistemasi ustida noqonuniy to‘yxona qurilgani, xalqaro ahamiyatga ega katta o‘zbek traktining Olma-ota – Bishkek – Dushanbe yo‘li bo‘yida noqonuniy do‘konlar qurib olingani va boshqalar haqida bildirilgan.
Ushbu murojaatda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazish va tegishli hujjatlarni Agentlikka taqdim etish bo‘yicha Surxondaryo viloyat hokimligiga so‘rov yuborildi.