Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan fuqarolar murojaati va ularda ko‘tarilgan masalalar muntazam ravishda o‘rganilmoqda. Ahamiyatlisi murojaatlarda ko‘tarilgan masalani qanoatlantirish bilan birgalikda, uni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlar ham atroflicha tahlil etilmoqda hamda korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan choralar uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Quyida ijobiy yechim topgan ayrim murojaatlarga to‘xtalib o‘tiladi.
Marg‘ilon shahar IIO FMB xodimlari xatti-harakatlari to‘g‘risida
Joriy yilning 29 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Toshkent shahridan Soliq maslahatchilari tashkiloti vakili B.M. Marg‘ilon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi (IIO FMB) xodimlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijasidan noroziligi to‘g‘risida murojaat qilgan.
Jumladan, O‘zmilliybank AJ filialining sobiq mansabdori, “A.B.T” MCHJ rahbarining ishonchini suiste’mol qilib, jamiyatning 130,0 mln so‘m mablag‘larini o‘zlashtirganligi holati bo‘yicha Marg‘ilon shahar IIO FMB murojaat qilgan.
Marg‘ilon shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Soliq maslahatchilari tashkiloti mazkur qarordan norozi bo‘lib, Marg‘ilon shahar IIO FMB TBning jinoyat ishini qo‘zg‘atishini rad qilish haqidagi qarorni bekor qilish va tergovga qadar qo‘shimcha tekshiruvni to‘liq va xolisona o‘tkazilishida amaliy yordam berishini so‘ragan.
Agentlik tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, joriy yilning 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaatda ko‘rsatilgan vajlar va hujjatlarni o‘rganib chiqib, qonuniy baho berish bo‘yicha so‘rov yuborildi.
Aniqlanishicha, arizada ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan Marg‘ilon shahar IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra 2020 yil 18 fevralda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, to‘plangan hujjatlar nazorat tartibida Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror 2021 yil 13 aprelda bekor qilingan hamda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish uchun Marg‘ilon shahar IIO FMBga yuborilishi ta’minlangan.
Hududgazta’minot AJ hududiy filiali tomonidan sun’iy qarzdorlik vujudga keltirilgan
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Namangan viloyati, Chust tumanidan fuqaro H.R. joriy yilning 30 mart kuni murojaat yo‘llagan. Murojaatda fuqaro H.R. xonadonidagi tabiiy gaz hisoblagich ko‘rsatkichini haqiqatda ishlatilganidan ortiqcha miqdorda kompyuter bazasiga kiritilib, sun’iy qarzdorlik yuzaga keltirilganligi hamda penya hisoblanganligi ma’lum qilgan. Ushbu holat natijasida fuqaro H.R. sun’iy qarzdorlikni bartaraf qilinishida amaliy yordam ko‘rsatish va aybdor shaxslarga chora ko‘rishni so‘rab agentlikka murojaat yo‘llagan.
Agentlik tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, joriy yilning 2 aprel kuni Hududgazta’minot AJga murojaatda ko‘rsatilgan vajlarni qonuniy tartibda o‘rganib chiqish yuzasidan so‘rov yuborildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, murojaatchining vajlari asosliligi o‘z tasdig‘ini topdi, jumladan, “Billinggaz” dasturiga kiritilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar belgilangan tartibda chiqarib tashlangan hamda sun’iy paydo qilingan qarzdorlik bartaraf etilishi ta’minlandi. Bundan tashqari, “Chusttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi inspektori R.X. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Yer ajratish to‘g‘risidagi qarorning bekor qilinishi to‘g‘risida
Joriy yilning 24 mart kuni Z.M. va S.M. sud qaroridan norozi bo‘lganligi bayon qilingan murojaat yo‘llagan. Jumladan, Olmaliq shahar hokimining qarori bilan 0,04 ga. yer maydoni "A.K." MCHJga ajratib berilgan. Arizachilar Z.M. va S.M.larning shikoyat arizasiga asosan Ohangaron tuman ma’muriy sudining dastlabki himoya chorasini qo‘llash haqidagi ajrimi bilan "A.K." MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlari vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan. Fuqarolar Z.M. va S.M.lar hamda Olmaliq shahar B. MFY. raisi M.S.lar Toshkent viloyat hokimligi tanlov komissiyasining bayoni va Olmaliq shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish haqida sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilishgan.
Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarori bilan arizachilar Z.M., S.M. va M.S.larning shikoyat arizasini qanoatlantirish rad etilgan va Ohangaron tuman ma’muriy sudining dastlabki himoya chorasini qo‘llash haqidagi ajrimi bekor qilingan.
Agentlik tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, joriy yilning 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaatda ko‘rsatilgan vajlar va hujjatlarni o‘rganib chiqib, qonuniy baho berish bo‘yicha so‘rov yuborildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan Nurafshon tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya tartibida protest keltirildi.