Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning 4-5-iyun kunlari “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatining tuman shaharlarida sog‘liqni saqlash tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida amalga oshirilgan ishlar o‘rganilmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-oktabrdagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6110-son Farmoni asosida sohadagi korrupsion holatlarni bartaraf etish, tibbiyot tizimini shaffof tizimga aylantirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirib kelmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Guliston filiali, Tez tibbiy yordam – 103 xizmati markazlari, tug‘ruq kompleksi hamda oilaviy poliklinakalarga tashrif buyurishdi.
O‘rganishlar davomida quyidagi masalalarga e’tibor qaratilmoqda. Jumladan,
1. Tibbiyot muassasalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha, jumladan “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish, aholi o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazish;
2. Tibbiyot muassasalarida bepul va pullik tibbiy hizmat ko‘rsatish tizimi holati va ulardagi korrupsiya omillarini o‘rganish;
3. Tibbiyot muassasalarining joriy holati, tibbiy jihozlar hamda dori vositalari bilan ta’minlanganlik holati va ushbu yo‘nalishda korrupsion omillarni o‘rganish;
4. Tibbiy muassasalarining mehnat munosabatlaridagi korrupsiya holatlarini o‘rganish, xodimlar o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazish;
5. Tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish, shuningdek, mutaxassislar bilan ta’minlanganlik darajasi, lavozimga tayinlash bo‘yicha tartibni hamda bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish;
6. Tibbiyot muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish holatini o‘rganish (elektron poliklinika, tug‘ilish va o‘limni qayd etish va boshqalar);
7. Sohada “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish holatini o‘rganish.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha ma’lumotlar hamda o‘tkazilgan so‘rovnomalarni umumlashtiriladi hamda hududdagi tibbiyot muassasalarida korrupsiyaviy holatlar hamda ularni keltirib chiqarayotgan sabablar tahlil qilinadi. Muammolarni bartaraf etish va korrupsiyaviy munosabatlarni oldini olish, eng asosiysi, tizimda xalq roziligini ta’minlashga qaratilgan tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.