Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Agentlik doimiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini takomillashtirishda, xalkaro ekspertlar ishtirokidagi tadbirlar va boshqa masalalarda YXHT Agentlik bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Ikki tomonlama hamkorlik doirasini kengaytirish maqsadida joriy yilning 5 iyul kuni Agentlik direktori Akmal Burxanov hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi elchisi Per fon Arks o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida elchi Per fon Arks tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar mamnuniyat bilan e’tirof etilib, YXHT bu borada har tomonlama hamkorlikka tayyor ekanligi ta’kidladi.
Shuningdek, tomonlar mamlakatimizda biznes xalollikni, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida Agentlik va YXHT hamkorligida 2021 yilda amalga oshiriladigan Chora-tadbirlar rejasi imzolandi.