Avval xabar qilganimizdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi Sloveniyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif dasturiga asosan Sloveniya axborot komissiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, axborot olishning aniq mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Jumladan, agentlikka ushbu yo‘nalishda qator vazifalar yuklatilganini ko‘rsatib o‘tdi.
Sloveniya axborot komissiyasi vakillari mamlakatda fuqarolarning axborot olish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, Sloveniya qonunchiligida axborot tushunchasi, axborot olish uchun so‘rov yuborish mexanizmi, axborotni taqdim etish turlari, so‘rovni ko‘rib chiqish muddati, uni rad etish tartibi, axborot komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qilish, axborotni taqdim etmaganlik uchun javobgarlik, shikoyatlarni sudda ko‘rib chiqish amaliyoti haqida so‘zlab berildi.
Muloqotda, ayniqsa, qonunchilikni amaliyotda qo‘llashdagi muammo va kamchiliklar, tajribalar haqida fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi, shuningdek, Sloveniya Transparency International tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. A. Burxanov O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etib o‘tdi. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda murosasizlik muhitini yaratish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ishlash, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan nodavlat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash agentlikning istiqboldagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Sloveniya Transparency International tashkiloti vakillari Sloveniya korrupsiyaning oldini olish komissiyasi va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik mexanizmlari, axborot almashish, korrupsiya holatlarini ochiqlashda ishtirok etayotgan shaxslarni huquqiy himoya qilish, korrupsiyaga oid so‘rovlar, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv-metodik qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi tajribasi, tashkilotning jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi o‘rni haqida atroflicha so‘zlab berishdi.
Uchrashuvda korrupsiyaning oldini olish, davlat xizmatchilarining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida o‘zaro tajriba almashish, o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazish, o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.