Mamlakatimizda davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ma’lumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ta’sirchan shakllarini joriy etish, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha boshlagan ishlar ortga qaytmas tus olgan.
So‘ngi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, byurokratiya va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Buning yaqqol misoli sifatida so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi mazkur sohada boshlagan islohotlarimizning o‘ziga xos huquqiy poydevori bo‘lgan bo‘lsa, “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonlari korrupsiyaning barvaqt oldini olishga qaratilgan muhim konseptual hujjatlar sifatida xizmat qilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishi, ular bilan kundalik faoliyatida yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi va “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunlar va “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari barcha toifadagi mansabdorlarning har bir xatti-harakatiga keng jamoatchilik hamda xalq ko‘zi bilan baho berish imkonini yaratdi.
O‘tgan qisqa vaqt davomida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ommaviy muhokama qilish, davlat budjeti va qarzi, shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rish va real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi onlayn platformalar ishga tushirildi. Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, elektron litsenziyalash tizimi va “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, hukumat ochiqligi sohasida 2021 - 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etish lozim.
Yuqoridagi qonunchilik va ma’muriy sohalarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning natijasi o‘laroq, O‘zbekiston 2020 yil yakunlariga ko‘ra “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Sohadagi so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan amaldagi qonunchilik hujjatlarida mavhum bo‘lgan muammoli masalalar to‘liq o‘z yechimini topdi.
Misol uchun, Farmon bilan har bir davlat organi va tashkiloti ochiq e’lon qilib borishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning ro‘yxati tasdiqlandi.
Hujjatda ochiq axborot turi, joylashtiriladigan resursi, taqdim etish va yangilash muddati hamda ularni joylashtirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlari aniq belgilab berildi.
Yana bir jihat, shu kungacha ham davlat hokimiyati boshqaruv organlarining ochiqligi to‘g‘risidagi normativ hujjatlar mavjud bo‘lgan. Ammo ulardagi normalarni hayotga tatbiq etishga mas’ul yoki uni bajarish talablarini buzgan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasi ochiq qolavergan. Bu esa qonunchilik hujjatining hayotga to‘liq joriy etilishiga salbiy omil bo‘lib xizmat qilib kelgan.
Shunga muvofiq, mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi ustidan nazorat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha vazifa sifatida yuklatilib, Agentlik tarkibida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi.
Boshqarma zimmasiga sohadagi faoliyatni muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, ochiq ma’lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishi, ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga «davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi» madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.
O‘tgan davrda Agentlik tomonidan soha va hududlar kesimida Prezident Farmonida belgilab berilgan vazifa va vakolatlardan kelib chiqib, muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, mutaxassislar tomonidan barcha hududlarda mahalliy hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari ishtirokida Farmonning mazmuni va ahamiyati, shuningdek unda hududiy organlarga belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tushuntirish ishlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning Prezident Farmonida belgilangan majburiyatlarni ijro holati muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Jumladan, Farmon talablariga muvofiq, mahalliy davlat hokimliklari mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirilib bajarilgan qismi hamda mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlariga joylashtirish vazifasi belgilangan.
O‘rganish davomida ayrim mahalliy hokimliklar tomonidan yuqoridagi ma’lumotlar qisman ochiqlanishi ta’minlangan bo‘lsa, ayrim hududiy hokimliklar mazkur majburiyatlarini umuman bajarmagani aniqlangan.
Monitoring natijasi bo‘yicha Agentlik tomonidan ma’lumotlarni ochiqlanishini ta’minlamagan 13 ta mahalliy davlat hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
Yoki, joriy yilning oktabr oyi holatiga o‘tkazilgan monitoring natijalari bo‘yicha 230 ta vazirlik va idoralarning 121 tasi xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirmagani aniqlandi.
Shu kabi, Respublikadagi 119 ta davlat organi va tashkiloti o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida joylashtirilishini ta’minlamagan bo‘lsa, 48 tasi Portalda shaxsiy kabinet ham ochmagan.
Ta’kidlash kerakki, Agentlik tomonidan o‘tgan davr davomida davlat xaridlari sohasini o‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillar chuqur tahlil qilinib, shu kabi qonunbuzilishlarni oldini olishga qaratilgan muhim takliflar ishlab chiqilmoqda.
Bunda, asosiy e’tibor sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, axborot kommunikatsiya vositalarini faoliyatga keng tadbiq etish ustivor vazifa sifatida belgilab olingan.
Masalan, tadbirkorlik sub’ektlaridan bildirilgan haqli e’tirozlar asosida, Agentlik tomonidan qurilish sohasida davlat xaridlari amalga oshirilayotgan “tender.mc.uz” elektron portali faoliyati o‘rganib chiqildi.
O‘rganishda portal faoliyati davlat xaridlariga oid qonunchilik talablariga mos bo‘lmagan holda, oferentning savdodan chetlatilishi asoslari va ishtirokchilarni baholash metodikasi Qurilish vazirligining yopiq shaklda qabul qilgan hujjati asosida amalga oshirilib kelinayotganligini ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan davlat xaridlari, shu jumladan qurilish sohasidagi 10 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish yoki yangilarini ishlab chiqish, shuningdek, 34 ta tizimdagi takomillashtirish va mavjud axborot bazalarini integratsiya qilish orqali inson omilini yo‘q qilishga qaratilgan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqildi.
Endilikda Agentlik tomonidan ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha belgilangan talablarning ijrosini monitoring qilish tizimlashtiriladi. Buning uchun biz mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikani ishlab chiqdik.
Unga ko‘ra, har yili yakuni bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiqlikka oid majburiyatlari umumiy 10 ga yaqin indikatorlar asosida baholanib, yil yakuniga ko‘ra Ochiqlik reytingi e’lon qilinadi.
Ochiqlik darajasi eng yuqori deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga mas’ul xodimlarini rag‘batlantirish, aksincha salbiy bo‘lganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasini hal etish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.
Eng asosiysi, Reyting u yoki bu davlat organi va tashkilotining ochiqlik darajasini jamoatchilik uchun yaqqol ko‘rsatish imkonini beradi.
Shuningdek, Ochiq joylashtirilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lamini kengaytirish borasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Sloveniya, Singapur va Qozog‘iston kabi o‘nga yaqin rivojlangan xorijiy mamlakatlarning bu boradagi ijobiy ish tajribasi o‘rganilib, amaliyotga tadbiq etish choralari ko‘rilmoqda.
Masalan, «avtomobil tarixi» to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomototransport vositasining davlat raqami belgilarini kiritish orqali aniqlash elektron interaktiv xizmatini joriy etish rejalashtirilgan. Bu ikkilamchi bozorda avtotransport oldi-sotdi jarayonlarida turli noqonuniy xatti-harakatlarni oldini olishga xizmat qiladi.
Yoki, joriy yilning 1 sentabridan boshlab davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, davlat organi va tashkiloti endilikda xodimlarni ishga qabul qilishdan oldin vakant lavozimlarga tanlov e’lon qilinishi haqida rasmiy manbalar orqali xabar berishi, saralash jarayonlarini ochiq o‘tishini ta’minlashi lozim. Bu yo‘nalishda ham hali oldimizda ko‘plab qilinishi lozim bo‘lgan ishlar turibdi.
Yana bir muhim jihat. Agar ochiqlik sohasida keskin o‘zgarishlarga erishishni istasak, albatta xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lish orqali umume’tirof etilgan standartlar talablarini bajarishimiz lozim. Shundagina demokratiya, korrupsiya, investitsiya, so‘z erkinligi darajalarini belgilovchi qator nufuzli reyting va indekslar o‘z pozitsiyalarimizni yanada yaxshilaymiz.
Shu boisdan, hozirda “Ochiq Hukumat hamkorligi” xalqaro tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasining a’zo bo‘lish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Shu munosabat bilan, xalqaro ekspertlar hamda mazkur tashkilot mutaxassislariga yurtimizda so‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar haqida ma’lumot berdik va qator muzokaralar o‘tkazildi.
O‘ylaymanki, mamlakatimizda ochiqlikni ta’minlash borasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari va amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar natijasi “Ochiq Hukumat hamkorligi” xalqaro tashkiloti tomonidan amaldagi asosiy mezonlarni yangilangan natijalarida O‘zbekiston pozitsiyasini bir necha barobar yaxshilash imkonini beradi.
So‘zimning yakunida ochiqlikni ta’minlash sohasida hozir so‘zga chiquvchi spikerlar rahbarligida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlamoqchiman. Chunki, ushbu soha nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq, balki OAVlar bilan ishlash, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, qonunchilikni takomillashtirish, hattoki fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdagi samaradorlik bilan ham baholanadi.
O‘ylaymanki, kelgusida ham ushbu yo‘nalishda sa’y-harakatlarni birlashtirib, hamkorlikni davom ettiramiz.