O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida korrupsiya masalasiga to‘xtalib o‘tar ekan, so‘nggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini qayd etdi.
Xususan, Senat raisi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tashkil etilgani, shuningdek Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham faol ish olib borayotgani ta’kidlandi.
"Bundan buyon ham taraqqiyot kushandasi bo‘lgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz.
Bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni ko‘rish zarur. Shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshiriladi",- dedi Prezident.
Shuningdek, ma’ruza davomida ta’kidlandiki, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina kurashib bo‘lmaydi, buning uchun butun jamiyatimizda, avvalo, yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bu borada xalqparvar davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish zarur.
Shuning uchun fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllantirish – bog‘cha va maktabdan tortib oliygohgacha, barcha ta’lim muassasalarining, har bir oilaning birinchi navbatdagi vazifasi bo‘lishi kerak, dedi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev.