Joriy yilning 11 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat tashkiloti vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvga Mintaqaviy Muloqot tashkiloti huquq sohasi mutaxassisi Goran Klemenchich tashrif buyurdi.
Muloqot davomida Sloveniya Respublikasiga amalga oshirilgan tashrif mobaynida ilgari surilgan takliflar, xususan, Sloveniya Respublikasining Jozef Stefani nomidagi institut ko‘magida O‘zbekistonda davlat xaridlari va hukumat ochiq ma’lumotlarini qamrab oladigan mavjud portallarni integratsiyalash va modernizatsiya qilishda institut professori Mateo Kovachich bilan ishlash haqida so‘z bordi.
Shuningdek, deklaratsiyalash tizimini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan dasturda xavflarni aniqlash algoritmlarini joriy qilishda Sloveniya, AQSH, Ukraina va boshqa bir qator davlatlar tajribalarini o‘rganish hamda Agentlikning AKT mutaxassislari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish kabi taklif va masalalar muhokamalar markazida bo‘ldi..
Bundan tashqari, Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida Sloveniya eksperti, Agentlik va «Yuksalish» umummilliy harakati hamkorligida maktablarda olib borilayotgan korrupsiya xavflarini baholash bo‘yicha loyihasini taqdim etishga kelishildi.
Tadbir yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, shu jumladan, 2021 yil noyabr oyi oxirida Zoom platformasi orqali onlayn uchrashuv tashkillashtirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.