9 dekabr – “Korrupsiyaga qarshi kurash kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida tashkilotchilar va hamkorlar tomonidan turkum xalqaro seminarlar, munozaralar, konferensiyalar tashkil etilishi davom etmoqda. Bunday tadbirlar davlat tashkilotlari mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar bilan bir qatorda yoshlarni ham qamrab olayotgani e’tiborlidir.
Jumladan, 2020 yilda boshlangan tashabbusga ko‘ra, joriy yilda ham respublikaning barcha hududlaridagi umumta’lim maktablarida huquqiy savodxonlikni oshirish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maxsus darslar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunday noan’anaviy mashg‘ulotlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (GJB)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilyapti.
Korrupsiya mavzusiga bag‘ishlangan darslarni mazmunan boyitish, sifat va samaradorligini yanada oshirish maqsadida shu yil 19 noyabrda Korrupsiyaga qarshi kurashish darslarini tashkil etuvchi umumta’lim maktablari vakillari uchun poytaxtimizda mintaqaviy trening o‘tkazildi. Onlayn va offlayn shaklda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Farg‘ona, Namangan, Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri umumta’lim maktablari mas’ul vakillari uchun namunali darslar uyushtirildi.
Treninglarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Xalq ta’lim vazirligi, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari hamda BMTning GJB ekspertlari ishtirok etdi.
Trenerlar o‘quvchi bilan ochiq va do‘stona munosabat o‘rnatish, darslarda halollikni targ‘ib qilish, o‘zgalar haq-huquqlarini hurmat qilish, qonun-qoidalarga rioya etish, korrupsiya illatining salbiy oqibatlari mavzularida ma’lumot berish shakllari xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, darslarni interaktiv tarzda tashkil etish, videomateriallar, “Halollik o‘yinlari” kabi vositalardan foydalanish hamda mavzu yuzasidan o‘quvchilarning fikr-mulohazalarini tinglash, munosabatlarini o‘rganish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.
Tadbirning har bir ishtirokchisi endilikda o‘z ta’lim muassasida o‘qituvchilar uchun maxsus treninglar, o‘quvchilar uchun esa ochiq darslar o‘tadi.
Mazkur mintaqaviy treninglarning navbatdagisi qolgan hududlar vakillari ishtirokida Surxondaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali noyabr-dekabr oylari mobaynida respublikaning barcha umumta’lim muassasalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha treninglar va “Halollik darslari”ni tashkil etish belgilangan.