“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida joriy yilning 22 noyabr kuni “Bank-moliya sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Markaziy bank hamkorligida tashkil etildi.
Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, galdagi vazifalar muhokama qilindi.
Xususan, bank tizimida korrupsiyaga qarshi “komplayens nazorat”ning joriy etilishi, normativ-huquqiy hujjatlar va loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish xususida o‘zaro fikr almashildi.
Ta’kidlanishicha, bank-moliya tizimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro andozalar va normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish sohadagi amaliy tashabbuslarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilishida, zamonaviy uslub va yondashuvlarni qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida ishtirokilar tomonidan moliya tizimi, budjet sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratilib, korrupsiya bilan bog‘liq holatlar eng ko‘p uchrayotgan yo‘nalishlar tahlil qilindi. Qayd etilishicha, bu borada aksariyat huquqbuzarliklar davlat budjeti mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish kabi yo‘nalishlarda ko‘zga tashlanmoqda.
Davra suhbatida ekspert va mutaxassislar tomonidan ana shunday salbiy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ilgari surildi.