“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan “Korrupsiya - rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusidagi davra suhbati “Olmaliq KMK” AJ Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida ham bo‘lib o‘tdi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Kombinat mas’ullari ishtirokida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyati, kelgusidagi dolzarb vazifa va maqsadlar xususida o‘zaro fikr almashildi. Jumladan, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar, ularning ijrosi yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Muloqotlar davomida Kombinatda tashkil etilgan yangi tuzilma - Komplayens va ishlab chiqarish-moliyaviy xatarlarni monitoring qilish boshqarmasi haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tuzilma korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Bu esa tashkilot faoliyatining shaffofligini oshirishda, shuningdek xodimlar tomonidan kasbiy odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashda, eng muhimi, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda ijobiy natijalar beradi.
Tadbirda, shuningdek, sohada olibborilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning zarurati borasida ham taklif va tavsiyalar, fikr-mulohazalar bildirildi.