Joriy yilning 27 noyabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligida 9 dekabr – “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Unda vazirlik rahbariyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Agentlik va vazirlik o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik Memorandumi doirasida tasdiqlangan Maktabgacha ta’lim tizimida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sabab va sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturining amalga oshirilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur dasturga ko‘ra, vazirlik markaziy apparatida alohida shtat birliklari doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish bo‘limi” tashkil etilganligi qayd etildi va ushbu bo‘lim tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlandiki, vazirlik tizimida ishga qabul qilish, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, davlat xaridlarini amalga oshirish kabi jarayonlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Bu masalaning sabab va omillari, ularni bartaraf etish choralari, taklif etilayotgan yechimlar yuzasidan jurnalistlarning savollariga vazirlik mas’ullari tomonidan javob qaytarildi.
Tadbirda vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada takomillashtirishda dolzarblik kasb etayotgan vazifa va maqsadlar, istiqboldagi rejalar borasida ham o‘zaro fikr almashildi.