Kuni kecha 1 dekabrda bo‘lib o‘tgan “Yoshlar press klubi”ning navbatdagi soni “Korrupsiya-taraqqiyotimiz dushmani” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, shuningdek, “Yoshlar parlamenti” a’zolari yoshlarning korrupsiya haqidagi tushuncha va tasavvurlari, ayni mavzuda ularni qiziqtirayotgan savollar, o‘ylantirayotgan muammolar bilan o‘rtoqlashdi.
Bu Agentlik tomonidan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va talaba-yoshlar o‘rtasida tashkil etilayotgan tadbirlardan biridir.
Muloqotda jurnalist va blogerlar, shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda boshqa OTM talabalari ishtirok etdi.
Dastlab spikerlar tomonidan korrupsiya va unga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyati, ushbu illatga nisbatan toqatsizlikning dolzarbligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yoshlar o‘rtasida korrupsiya mavzusi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovga oid videorolik namoyishi tadbirning muhim jarayonlaridan biri bo‘ldi. Ushbu so‘rov korrupsiya, eng korrupsiyalashgan sohalar hamda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mas’ul davlat organlari to‘g‘risidagi savollarni o‘z ichiga oldi.
Ayniqsa, korrupsiyaviy jinoyat sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslarning pushaymonligi aks etgan lavhalar yosh ishtirokchilarni ta’sirlantirdi va ularning kasbiy faoliyatida halol ishlashga va to‘g‘ri xulosa chiqarishga chaqirdi.
Mutasaddilar yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ular o‘rtasida huquqiy-targ‘ibotni kuchaytirish bo‘yicha kelgusida qanday aniq choralar, manzilli dasturlar, zamonaviy mexanizmlardan foydalanilishi xususida jurnalist, blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Ayni yo‘nalishda yoshlar tomonidan ham bir qator g‘oya va takliflar ilgari surildi.