Joriy yilning 3 dekabr kuni poytaxtimizdagi "Hillton" mehmonxonasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik bo‘yicha Toshkent forumi” bo‘lib o‘tdi.
“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda xalqaro tashkilotlar BMT Taraqqiyot dasturi, BMT GJB, YEXHT, IHTT hamkorligida tashkil etildi.
Unda Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Malayziya, Xitoy, Gruziya, Sloveniya kabi mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralari rahbarlari, shuningdek, xorijiy ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, 100 dan ortiq vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqotlarda asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, bu borada ilg‘or mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish, davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, qolaversa, sohadagi huquqiy va institutsional bazani yanada takomillashtirish masalalarining muhokamasiga qaratildi.
Forum doirasida turli mamlakatlar misolida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning mohiyati va xususiyatlari xususida so‘z yuritildi. Xususan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etildi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida milliy va xorijiy ekspertlar, davlat tadbir organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarining o‘zaro fikr almashishi uchun o‘ziga xos platformaga aylandi.
Forum o‘z ishini 4 ta muhim sessiyada onlayn va offlayn shaklda olib bordi. Ya’ni:
- “Mamlakatda korrupsiyaga qarshi siyosatni shakllantirish va uning shakllanishida jamoatchilikning ishtiroki”;
- “Ochiqlik va shaffoflik korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida”;
- “Korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha samarali mexanizm va chora-tadbirlar”;
-“Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati” mavzularida muhokamalar o‘tkazildi.
Jumladan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ularning hisobdorligini oshirish masalalari o‘rganildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat organining o‘zaro hamkorligida ishlab chiqilib, amalga oshirilgan “Antikorrupsiya laboratoriyalari” loyihasi doirasidagi ishlar amaliy namuna sifatida taqdim etildi.
Bundan tashqari, davlat boshqaruvida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar, jumladan, “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish mexanizmlari, manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash va tartibga solish usullari tahlil etildi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish amaliyoti, korrupsiyaning oldini olishda tadqiqot natijalaridan foydalanishning turli yondashuvlari va amaliyoti yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari, uning istiqbollari, sohaning huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish oid islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida “Uzbekistan Anti-corruption digest” jurnalining ilk soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Aytish joiz, mazkur nashr orqali mamlakatimizda kechayotgan aksilkorrupsiyaviy islohotlar jarayonini xalqaro hamjamiyat vakillariga yetkazish maqsad qilingan.
Forum yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga doir samarali siyosatni ishlab chiqish, ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar natijadorligini baholash va sifatini oshirish bo‘yicha taklif- tavsiyalar tayyorlandi.