Korrupsiya milliy xavfsizlik va taraqqiyotga tahdid ekani har qaysi davrda o‘z isbotini topgan. Shu bois unga qarshi kurash azaliy va davomiydir. Xususan, mamlakatimizda bu boradagi sa’y-harakatlar qat’iy, ortga qaytmas tus olgan.
Joriy yilning 29 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusida tashkil etilgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.
“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishning muhim chora-tadbirlari yuzasidan muloqot qilindi. Bu borada umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va xorijning ilg‘or tajribasi xususida fikr-mulohazalar ham bildirildi.
Shuningdek, korrupsiyaning sabablar va oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Agentlik tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar, zamonaviy yondashuv va samarali mexanizmlar xususida to‘xtalib o‘tildi.
O‘z navbatida, Aksiyadorlik jamiyati o‘z tizimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishda Agentlik bilan hamkorligini yanada mustahkamlashning zarurati va ahamiyati masalariga e’tibor qaratildi.