"9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni" munosabati bilan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar davom etmoqda. Bu yilgi haftalik qamrovi va jamiyatning barcha qatlamini o‘zida jamlay olgani bilan ahamiyatlidir. Davlat idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, biznes hamjamiyati, yoshlar shular jumlasidandir.
Navbatdagi tadbir joriy yilning 6 dekabr kuni nodavlat notijorat tashkilotlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik bilan ishlashning roli” mavzusida trening shaklida tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga barcha qatlam vakillarini jalb etish, NNT vakillarini korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi islohotlardan xabardor qilish va ushbu yo‘nalishdagi bilimlarni mustahkamlash, shuningdek, Agentlik bilan hamkorlik aloqalarini muhokama qilish iborat.
Treningda BMT TD, BMT GJB tashkilotlari hamda Gruziya, Latviya mamlakatlaridan xalqaro ekspertlar ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Trening davomida NNT uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi usul va vositalar, ushbu jarayonlarda xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish, OAV orqali korrupsiyaning oldini olish va halollikni shakllantirish mexanizmlari kabi mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, tadbirda Agentlik va “Yuksalish” umummiliy harakati tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan “Antikorrupsiya laboratoriyalari” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyihaning dastlabki bosqichi “Boshlang‘ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholash” mavzusida tashkil etildi.
Tadqiqot so‘rovnoma va intervyu shaklida olib borildi va u bolalarni boshlang‘ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholashga qaratildi.
Trening davomida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etishdi. Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida fuqarolik jamiyati vakillarining ishtirokini yanada kengaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berishdi.