“Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida “O‘zavtosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi 30 dan ortiq tizim korxonalarida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq!” mavzusida davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura Akademiyasi, hududiy prokuratura va ichki ishlar idoralari xodimlari, shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari hamda “O‘zavtosanoat” AJ va uning boshqaruv kompaniyalari ishchi xodimlari ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlariga asoslangan tizimini joriy etish maqsadida olib borilayotgan kompleks chora–tadbirlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Shuningdek, “O‘zavtosanoat” tizim korxonalari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikni ta’minlash orqali ushbu illatga qarshi kurashishda samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ahamiyati yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Ta’kidlandiki, 2018 yilda kompaniya tizimida komplayens dasturi joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida mazkur dastur asosida kompaniyaning axloqiy me’yorlari buzilganligi to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash siyosati ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan xodimlar yoki uchinchi shaxslar axloq Kodeksi, kompaniya siyosati va tartib-qoidalarining ehtimoliy yoki amaldagi buzilishlari to‘g‘risida xabar berish imkoniyatlari yaratilgan.
Xususan, tizim korxonalaridagi har bir xodim korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilganligi to‘g‘risida ishonchli va asosli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda belgilangan choralarni ko‘rish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va to‘sqinliksiz kompaniyaning doimiy xizmat ko‘rsatuvchi “Sall centre”iga murojaat qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ayni paytda istalgan shaxs “O‘zavtosanoat”da tarmoqdagi g‘ayriqonuniy holatlar, shuningdek, komplayens sohasidagi huquqbuzarliklar haqida “Ishonch telefoni” (99871 140-76-70) va compliance@uzavtosanoat.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishi mumkin. Kompaniyaning komplayens xizmati xabarlarning maxfiy qolishini ta’minlaydi.
Davra suhbatlari davomida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni kuchaytirishga qaratilgan fikr-mulohazalar asosida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.