Bugun, 18 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlis ishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ishtirok etib, deputatlarga mazkur o‘zgarishlarning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 2157- modda hamda 24510 - modda bilan to‘ldirilmoqda.
Xususan, taklif etilayotgan 2157 - moddada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, jumladan Ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaslik yoki to‘liq e’lon qilmaslik, e’lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra, kodeksning 24510 - moddasida mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda sudga taqdim etish vakolatiga egaligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Huquqbuzarlik uchun nazarda tutilgan jazo choralari quyidagicha:
1-qismi bo‘yicha: mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 ming so‘mdan 1,3 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima;
2-qismi bo‘yicha: (xuddi shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilsa) mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,3 mln. so‘mdan 2,7 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan mazrkur o‘zgarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-6247-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
“Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Biroq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Endilikda qonunchilikda mavjud bo‘lgan bo‘shliq mazkur qonun loyihasi bilan to‘ldirilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilganidan so‘ng, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati