Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2022-yil mart oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portalida oʻtkazilgan xaridlar masofaviy monitoring tartibida oʻrganildi.
Jumladan:
– Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi tomonidan 2022-yil1-fevral kuni maxsus axborot portalda “Moliyachi maʼlumotnomasini” chop etish boʻyicha oʻtkazilgan 785,0 mln. soʻmlik;
– Konimex tumani Yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 2022-yil 23-fevral kuni yoʻl qurilish obyektlarida “bajariladigan ishlar uchun maxsus transport va transport vositalari xizmati koʻrsatish” boʻyicha 500,0 mln. soʻmlik;
– Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan 2022-yil 1-mart kuni maxsus axborot portalda turistik avtobuslar sotib olish boʻyicha oʻtkazilgan 1,5 mlrd. soʻmlik;
– Xorazm viloyati hokimligi tomonidan 2022-yil 21-fevral kuni “Kitoblar chop etish” boʻyicha oʻtkazilgan 572 mln. soʻmlik davlat xaridlarida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”ga Qonunning 10,14,42-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Oʻrganish natijasida buyurtmachilarga davlat xaridlarini bekor qilish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida 4 ta taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati hokimligi tuzilmalaridagi Angor, Jarqoʻrgʻon va Sherobod tuman Obodonlashtirish boshqarmalari viloyat xokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida maxsus axborot portalida tomonidan 2021-yilda amalga oshirilgan davlat xaridlarida oʻrganildi:
– Angor tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xarid komissiyasi yigʻilishlarida ishtirok etmagan aʼzolarning oʻrnidan ularning xarid komissiya yigʻilishida ishtirok etib, ovoz berganligi haqida boshqa shaxslar tomonidan imzo qoʻyib, gʻolibni aniqlashda asosiy hujjat boʻlgan gʻolibni aniqlash bayonnomalari soxtalashtirib kelinganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, Angor tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻining akasiga tegishli jamiyat 309 mln. soʻmlik “Qoʻshtegirmon” MFYda piyodalar yoʻlakchasi qurish boʻyicha tanlovda ishtirok etib gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va aka-uka oʻrtasida shartnoma imzolanib, ushbu davlat mablagʻlari korxona hisob raqamiga oʻtkazib berilgan;
– Jarqoʻrgʻon tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan elektron doʻkon orqali oʻtkazilgan jami qiymati 13 mln. soʻmlik davlat xaridlarida Jarqoʻrgʻon tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻiga tegishli boʻlgan jamiyat gʻolib boʻlgan;
– Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan 2, 17, 25, 30, 38,62-sonli maktab binolarini mukmmal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha jami qiymati 1,5 mlrd. soʻmlik davlat xaridi toʻgʻridan-toʻgʻri Jarqoʻrgʻon tuman obodonlashtirish boshqarmasi rahbariga tegishli boʻlgan jamiyatga berilgan.
Shu bilan birga, Viloyat xokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan Sherobod tumanida joylashgan obyektlarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha 23 ta holatda jami qiymati 4 mlrd. soʻmlik davlat xaridi toʻgʻridan-toʻgʻri Sherobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻiga tegishli boʻlgan jamiyatga berilgan.
Mazkur holatlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10,14,23,42-moddalari talablari buzilganligi aniqlanib viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Korrupsiya qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati