AQSHga amaliy tashrifning ikkinchi kuni Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi hamda Holland&Knight kompaniyasi hamkorlari Jeremi Sternberg va Dan Smoll oʻrtasidagi uchrashuv bilan boshlandi.
Uchrashuv AQSH Federal Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi muhokamasiga bagʻishlandi.
Maʼlumot uchun: J.Sternberg AQSH prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatlar departamentida prokuror sifatida faoliyat yuritgan boʻlib, investitsiya, soliq, ipoteka hamda sogʻliqni saqlash sohalaridagi firibgarliklarni, insayder savdosiga oid ishlar tergovini olib borgan.
D.Smoll Amerika Qoʻshma Shtatlari Adliya Departamenti prokurori vazifasidagi faoliyati davomida korrupsiya, moliyaviy, tartibga solish va ruxsat berish sohasidagi korrupsiyaviy ishlarni koʻrib chiqqan.
Muloqot davomida korrupsiyaga oid ishlarni koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari, korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar xususida soʻz yuritildi. Xususan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sonini kamaytirishning profilaktik choralari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari AQSH Bosh prokurori idorasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida AQSH Korrupsiyaga qarshi kurash va maxsus prokuratura boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari Yevgeniya M.Kerris bilan korrupsiya va unga aloqador jinoyatlar boʻyicha federal taʼqib qilish, federal darajada surishtiruv va tergov harakatlarini olib borish masalalari yuzasidan muloqot qilindi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar oʻzaro tajriba almashish, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun maxsus trening tadbirlarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati