Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan Iqtisodiy erkinlik indeksining 2022-yilgi hisoboti boʻyicha Oʻzbekistonning reytingdagi oʻrni va unga taʼsir koʻrsatuvchi indikatorlardagi oʻzgarishlar yuzasidan onlayn oʻquv seminari tashkil etildi.
Oʻquv seminarida masʼul vazirlik va idoralarning xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha mutaxassislari uchun Iqtisodiy erkinlik indeksining hisoblash metodologiyasidagi oʻzgarishlar va yangilanishlar boʻyicha maʼlumot berildi.
Seminarda Agentlik masʼul xodimi Iqtisodiy erkinlik indeksining Davlat yaxlitligi indikatoridagi oʻzgarishlar haqida taqdimot qildi.
Mazkur indikatordagi oʻzgarishlar asosan, 2021-yilda Davlat yaxlitligi indikatori tarkibidagi subindikatorlar soni 5 ta boʻlgan boʻlsa, 2022-yilda indikatorlar soni 3 tani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, maʼlumotlar manbalarida ham oʻzgarish boʻlib, 2021-yil hisobotida 4 ta manba maʼlumoti orqali shakllantirilgan boʻlsa, 2022-yil 3 ta manba Transparency International, TRACE International hamda World Bank maʼlumotlaridan foydalanish boshlangan.
Taqdimot mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning koʻrsatkichlari xususida ham toʻxtalib oʻtildi.
Unga koʻra, 2021-yil uchun “Transparency International” ning korrupsiyani qabul qilish indeksi yangi reytingida Oʻzbekiston 6 pogʻonaga koʻtarilib, indeks bahosida qatorasiga 8-yil davomida barqaror oʻsishiga erishilgan (2013-yilda 17 ball bilan 146 oʻrindan 2021-yilda 28 ball bilan 140 oʻringacha).
“Trace bribery risk matrix” poraxoʻrlik matritsasida Oʻzbekiston 2017-yilda 66 ball bilan (1 balldan 100 ballgacha baholanadi, 1 ball – eng ijobiy) 189-oʻrindan, 2021-yilda 59 ball bilan 147-oʻringacha koʻtarilgan.
Seminarda Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrniga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar yuzasidan ham oʻzaro fikr almashildi, shuningdek, bu boradagi natijalarni yaxshilash boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar boʻyicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati