Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish borasidagi tegishli qaror va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, xodimlarning madaniy-estetik hordiq chiqarishlariga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida joriy yil 8-may kuni Agentlik jamoasi Surxondaryo viloyatida boʻldi.
Ushbu tashrifning asosiy maqsadi va yorqin voqeasi Agentlik jamoasining “Boysun bahori — 2022” xalqaro folklor festivali gʻoliblarini taqdirlash marosimidagi ishtiroki boʻldi.
Oʻzbek xalqining koʻp asrli qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida tarannum etuvchi mazkur festivalda namoyish etilgan qadimiy urf-odatlarimiz, hunarmandchiligimiz, xalq dostonlari va oʻyinlari, milliy liboslarimizning betakror namunalari taassurotga boy damlarni tuhfa etdi.
Agentlik direktori A.Burxanov bellashuvda respublikamizning 14 ta, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Tojikiston davlatlarining 5 ta folklor jamoalari orasidan gʻolib deb topilganlarga festival mukofotlarini tantanali topshirish jarayonida bevosita ishtirok etdi.
Agentlik jamoasining sayohati vohadagi muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga tashrif bilan yanada mazmunli va maroqli kechdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati