O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rishga mas’ul hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, Agentlik direktorining “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i 2021 yil 8 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizom bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga bo‘ysunishi belgilandi. Bu o‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining mustaqil ravishda faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarlari tegishli tashkilot tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Mazkur tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining roziligisiz lavozimdan ozod etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagilar Nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
- tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish;
- tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;
- tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali ishlashini ta’minlash va nazorat qilish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun nizom bilan Korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmasiga qator huquqlar taqdim etilib, majburiyatlar yuklandi. Xususan, nazorat tuzilmasi xodimlari tekshiruvlar o‘tkazishi, hujjatlarni talab qilishi, xodimlardan yozma tushuntirishlar olishi mumkin. Tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan korrupsiya holatlari aniqlangan hollarda zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Nazorat tuzilmasi faoliyatining natijadorligi va maqsadli ko‘rsatkichlari baholab boriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalarning faoliyat yuritishi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO37001:2016 xalqaro standarti talablariga javob beruvchi kompleks tizimni joriy etish va rivojlantirishga ko‘mak beradi. Bu esa o‘z navbatida, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlanishi holati monitoring qilib borilmoqda.
Xususan, o‘tgan vaqt davomida Agentlik tomonidan mazkur sohada mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda qator ishlar amalga oshirildi. Jumadan,
1. Barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik qator ma’lumotlarini Ochiq ma’lumotlar portali hamda o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga o‘z vaqtida va to‘liq joylashirib borishlari ta’minlanmoqda. Bunday ma’lumotlarga:
- O‘tkazilgan davlat xaridlari;
- Mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
- Yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi;
- Ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari va boshqa ko‘plab ma’lumotlar shular jumlasidandir.
2. Shuningdek, Respublika oliy ta’lim muassasalarining 2021/2022 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan qabul jarayonlari Internet tarmog‘i orqali onlayn namoyish etib borildi. Xususan, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar, magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari test2021.uz hamda imtihon.edu.uz veb-platformalari orqali efirga uzatib borildi.
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari hamda ular ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxati jamoatchilik uchun e’lon qilindi.
4. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, O‘rmon-ovchilik xo‘jaliklari tomonidan berilgan ovchilik yo‘llanmalari hamda undirilgan haq miqdorlari, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hamda Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar, Yovvoyi hayvonlarning ayrim turlariga nisbatan ov qilish uchun taqiq belgilanganligi to‘g‘risidagi va boshqa ko‘plab ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portali va Qo‘mitaning rasmiy veb-sayti orqali keng jamoatchilik uchun doimiy e’lon qilinishi nazoratga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon talablarini o‘z vaqtida yoki sifatli bajarmagan davlat organlari va tashkilotlariga taqdimnomalar kiritilib, ogohlantirildi.
Hozirda Agentlik mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi ustida ish olib bormoqda:
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
- Fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi majlislar;
- Davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar hamda ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislari shular jumlasidandir.
Shuningdek, hozirda Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodika ishlab chiqilmoqda. Mazkur qo‘llanma barcha davlat organlari va tashkilotlariga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, har yil yakuni bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini baholovchi reyting e’lon qilinadi.