Joriy yilning 30 noyabr kuni “O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik” biznes forumi o‘tkazildi. Unda turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan 100 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari va biznes vakillari, vazirlik va idoralar, OAV, jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning xodimlari hamda xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda biznes vakillari faoliyati uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar yuzasidan o‘zaro muloqot qildi.
Xususan, biznes va tadbirkorlik sohasidagi yangi muhim hujjat - “O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi” forumning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Xartiya BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan ishlab chiqildi. Xartiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi va Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tasdiqlandi.
Hujjat 43 ta vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jamoatchilik tashkilotlari mutaxassislari ishtirokida qator muhokamalardan o‘tkazildi. Shuningdek, xalqaro standartlar, MDH davlatlari, Fransiya, Ruminiya, Gruziya va AQSH kabi mamlakatlarning xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarni joriy etish borasidagi tajribasi o‘rganildi.
Tadbirda ishtirokchilarga Xartiyani qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad va unga qo‘shilish tartibi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, hujjat tadbirkorlik sub’ektining moliyaviy faoliyatini boshqarish, shartnoma munosabatlari, kadrlarni tanlash va o‘qitish, ichki intizom va qonuniylikni mustahkamlash, davlat xaridlari kabi muhim yo‘nalishlarda korrupsiya xavflarining oldini olishga qaratilgan kompleks choralarni o‘z ichiga olgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur hujjat normalarining amaliyotga tatbiq etilishi xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, “halol” tadbikorlarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish imkonini beradi.
Forumda, shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi a’zoligiga qo‘shilish va yagona Reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom xususida ham batafsil ma’lumot berildi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan.
Nizomda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan Xartiyaga qo‘shilish, ma’lumotlarni elektron “yagona reyestr”da aks ettirish va reyestrdan chiqarish tartibi aniq belgilab berildi.
Reyestrni yuritishga Savdo-sanoat palatasi mas’ul etib belgilanib, korrupsiyaga qarshi choralarni samarali joriy etgan tadbirkorlik sub’ektlariga sertifikat topshirish yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar, jumladan, “Global Risk Alliance” kompaniyasi direktori A.Tosh (Buyuk Britaniya), KPMG Rossiya va MDH Xavflarni boshqarish bo‘yicha konsalting departamenti direktori I.Burdikova (RF) O‘zbekistonda xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mazkur hujjatning qabul qilinishini ijobiy baholadi.
Forum doirasida tadbirkorlik sub’ektlari hamda ekspertlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tavsiyalar asosida xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga doir amaliy takliflar ishlab chiqildi.