Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelib tushgan murojaat asosida Buxoro muhandislik-texnologiya institutida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, unga sabab boʻlayotgan shart-sharoitlar, mablagʻlardan foydalanish va davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi ahvoli oʻrganildi.
Oʻrganishda Institutning moliyaviy hujjatlari qonunchilikka zidligi, toʻlovlar toʻgʻri hisoblanmasligi, byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarning noqonuniy sarflanishi, ish haqi, stipendiya va boshqa toʻlovlarning notoʻgʻri toʻlanganligi hamda davlat xaridlari va mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilinmayotganligi kabi qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Xususan, davlat xaridlari boʻyicha:
Institutning 2-korpusi fasad qismini kapital taʼmirlash boʻyicha eʼlon berilmasdan, tanlovlarsiz 1,4 mlrd soʻmlik qurilish ishlari toʻgʻridan-toʻgʻri “Fast Quality Building” MCHJga shartnomasiz berib yuborilgan. Ushbu tashkilot Sogʻlomlashtirish markazida 303.9 mln soʻmlik noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan.
Shuningdek, institut 1-binosining 5-qavatida "Vobkent San-tex stop montaj servis " MCHJ tomonidan amalga oshirilgan 2.4 mlrd soʻmlik qurilish ishlari yakunlangan. Biroq, tugallangan ishlar komissiya tomonidan qabul qilinmagan va uning kafolat muddati tugamagan boʻlsa-da, pudratchiga 91.5 mln soʻm mablagʻ oldindan toʻlab berilgan.
Mablagʻlarning ortiqcha sarflanishi boʻyicha:
Masʼullar tomonidan 18 nafar magistrant va 7 nafar talabaning imtihonda olgan “4” baholari qaydnomalarga koʻchirilishida “5” bahoga oʻzgartirilganligi natijasida 14.7 mln soʻmdan ziyod stipendiyalar ortiqcha toʻlanganligi aniqlandi.
Shuningdek, assistent-oʻqituvchilarga 71 ta holatda katta oʻqituvchi lavozimiga belgilangan jami 50.5 mln soʻmlik ortiqcha ish haqi toʻlangan.
Mehnat qonunchiligi boʻyicha:
0,50 hissa tashqi oʻrindoshlik asosida ishlovchi kafedra professori X.Kamilova tekshiruv kuniga qadar ishga kelmagan boʻlsa-da, unga yanvar oyida 4.3 mln. soʻmlik ish haqi hisoblanib, majburiy ushlanmalar saqlangan holda 3.7 mln. soʻm toʻlab berilgan.
Shuningdek, 0,50 hissa professor lavozimida ishlovchi R.Gulyaev oʻquv yili yuklama jadvalida qayd etilmagan boʻlsa ham, unga tabel toʻldirilib,
2021-yil sentyabr oyidan 2022-yil fevral oyiga qadar 18.3 mln soʻm ish haqi hisoblangan, majburiy saqlanmalar ushlangandan soʻng 15.9 mln soʻm ish haqi toʻlangan.
Tashqi oʻrindoshlik asosida ishlovchi sirtqi boʻlim uslubchisi Umida Sharipova hamda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti xodimi Anvar Joʻrayevlarning asosiy ish joyidan maʼlumotnoma olinmagan. Dilorom Ergasheva bandlikka koʻmaklashish markazi yoʻllanmasisiz dispetcher lavozimiga qabul qilingan. Dotsent lavozimiga ishlovchi Institutning akademik litseyi direktori Eminjon Halimov asosiy ish joyida 126,6 soat ishda boʻlmagan.
Qarindosh-urugʻchilik aloqalari borasida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi boʻyicha:
“Mashinasozlik texnologiyasi” kafedrasi mudiri Nasrullo Oʻrinovning qoʻl ostida uning turmush oʻrtogʻi Muhabbat Sayidova katta oʻqituvchi, akasi Abdullo Oʻrinovning oʻgʻli Uygʻun Oʻrinov dotsent lavozimida, shuningdek, “Menejment” kafedrasi mudiri Sherbek Xayitovning qoʻl ostida turmush oʻrtogʻi Shahlo Primova va singlisi Iroda Xayitovalar oʻqituvchi-stajyor lavozimida ishlayotganligi maʼlum boʻldi.
Bundan tashqari, institutdagi 34 nafar tyutorlarning 20 nafari yoshlar bilan ishlashda yetarli tajriba orttirmagan hamda yetarli pedagogik stajga ega emas. 29 nafar xodim katta oʻqituvchi lavozimiga noqonuniy qabul qilingan.
Tabaqalashtirilgan toʻlov, taʼlim dasturlari hamda stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilish boʻyicha:
Davlat test markazining xulosasiga koʻra, 67 nafar abituriyentning tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktlari miqdori buyruqlarda belgilanmagan.
Oʻrganishda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilingan 19 nafar abituriyentning ikkinchi bosqich boʻyicha test sinovlarida ishtirok etishlari uchun tanlagan taʼlim yoʻnalishlari va oʻqishga qabul qilishda buyruq bilan belgilangan taʼlim yoʻnalishlari bir-biriga mos kelmasligi aniqlandi.
Shuningdek, “Buxgalteriya hisobi va audit (tarmoqlar boʻyicha)” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovida ishtirok etgan 5 nafar abituriyent “Dasturiy injiniring” taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan.
Misol uchun, “Biotibbiyot muhandisligi” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovida ishtirok etgan abituriyent Hayitbek Alisher oʻgʻli Asrorov “Dasturiy injiniring” taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan.
“Investitsion loyihalarga xizmat koʻrsatish va moliyalashtirish” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovida ishtirok etgan 7 nafar abituriyent “Menejment (tarmoqlar va sohalar boʻyicha)” taʼlim yoʻnalishiga, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovida ishtirok etgan 6 nafar abituriyent “Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish” taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan.
Shu bilan birgalikda stajyor-tadqiqotchilikka oʻqishga qabul qilish boʻyicha ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilmagan. Elektron tizim orqali hujjat topshirmagan fuqarolar toʻgʻridan-toʻgʻri arizalari asosida stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilingan, ularning arizalari qayd kitobidan roʻyxatdan oʻtkazilmagan. Institutda texnik xodimlarni ishga olish tartibi belgilanmagan.
Bundan tashqari, Institut rektori N.Barakayev institutga xodimlarni ishga olishda tanish-bilishchilik va qarindosh-urugʻchilikka yoʻl qoʻyayotganligi, jumladan, oʻzining yaqin va uzoq qarindoshlarini ishga olib, ularga ustama belgilashda ijtimoiy adolat mezonlarini buzayotganligi boʻyicha institut xodimlari tomonidan Agentlikka murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarda N.Barakayev turmush oʻrtogʻi Nodira Ibraximovani katta oʻqituvchi, opasining qizi Rayhon Valiyevani 1,5 hissa ish yurituvchi va dispetcher, qaynsinglisining qizi Umida Sharipovani sirtqi boʻlim uslubchisi va bojasi Ilxom Bafoyevni bosh auditor lavozimiga ishga olganligi, shuningdek, bojasi I.Bafoyevga 200% miqdorida ish haqiga ustama belgilab kelganligi bayon etilgan edi.
Agentlik tomonidan mazkur murojaatlar taalluqliligi boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga yuborilgan boʻlishiga qaramay, oʻrganish kuniga qadar bu masalalar oʻz yechimini topmagan. Natijada ushbu holatlar ariza mualliflarining haqli eʼtirozlariga hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.
Murojaat asosida institutda oʻtkazilgan oʻrganishlarda 4 mlrd soʻmga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. Toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Qayd etilgan qonun buzilishi holatlarining kelib chiqishiga Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rahbariyati va masʼul xodimlari tomonidan taʼlim, mehnat, byudjet intizomi va davlat xaridlariga oid qonun hujjatlari va sohaviy normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi taʼminlanmagani hamda yetarli nazorat oʻrnatilmagani sabab boʻlgan.
Bayon etilganlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.06.2020-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-son Farmonining 4-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati