Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi hamkorlikda hamda xalqaro tashkilotlar ko‘magida «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni takomillashtirish» mavzusidagi turkum tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, bugun, 21 iyul' kuni “Korrupsiyaga karshi kurashishda huquqni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirish” mavzusidag xalqaro onlayn-anjuman tashkil etildi. Tadbirda Bosh prokuratura rahbariyati va mutaxassislari, IHTT, Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va xamkorlik qilish boshqarmasi, BMT NJQB, Aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro markazi (ICAR), “Mintaqaviy muloqot” XNNT, Moldova Ruminiya, Sloveniya, Ukraina, hamda 20 dan ortiq xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-amaliy muassasa va idoralar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ham ishtirok etib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshish kurashish agentligi faoliyatiga to‘xtalib, yangi tashkil etilgan tuzilma korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirishi va amalga oshirishi, davlat organlari, OAVlar, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlashi, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas'ul ekanligi va shu sababli ushbu tashkilotning faoliyatini tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan samarali hamkorlik o‘rnatilishi ta'kidlandi.
Konferensiya doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish, vakolatli organlar maqsad va vazifalarini takomillashtirish, korrupsiyaviy qilmishlarni kriminalizasiyalash, korrupsiyaviy jinoyatlarni aniqlashda yangi usul va vositalarni qo‘llash, ular oqibatida yetkazilgan zararni to‘la qoplash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi xalqaro normalarni milliy qonunchilikga implementasiya qilish, jinoiy yo‘llar bilan topilgan mablag‘ va aktivlarni musodara etish borasidagi xorijiy davlatlar yondashuvi va boshqa masalalar muhokama etildi.
Tabirda Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i – Mustafa Ferati, Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va hamkorlik bo‘limi boshlig‘i – Yelena Jolik, Ruminiya Milliy korrupsiyaga qarshi direktoratining (DNA) Prokuror xizmati maslahatchisi – Anka Yurma, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti huquqiy maslahatchisi, Sloveniya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi sobiq rahbari – Goran Klimenchich, Moldova Respublikasi Hukumatining Jinoiy daromadlarni legallashtirishni oldini olish va kurashish Ofisi boshlig‘i – Oksana Giska va boshqalar ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementasiyasi, jinoiy yo‘llar bilan topilgan mablag‘ va aktivlarni musodara etish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Muhokamalar davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda ushbu sohada eng ilg‘or xorijiy amaliyotni tatbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.