O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muhtor elchisi Deniel Rozenblyum o‘rtasida onlayn-konferensiya tarzidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, shuningdek, AQSh Davlat departamentining narkotiklar va huquqni qo‘llash ustidan nazorat qilish Byurosi (INL) bo‘linmasi boshlig‘i Rassel Singer ham ishtirok etdi.
Muloqot avvalida Agentlik direktori Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan islohotlar, bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, buning natijasida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi.
Ta'kidlanganidek, Davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda yangi tuzilma — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganilgani, xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tavsiya va takliflari inobatga olingani bildirildi.
Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda Agentlik oldida turgan dolzarb vazifalar hamda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘z bordi. Xususan, 20dan ziyod davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashish (“komplaens-nazorat”) tizimini joriy etish ishlari boshlangani, tegishli vazirlik va idoralar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani va ayni kunlarda jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgani ma'lum qilindi.
O‘z o‘rnida, elchi D.Rozenblyum davlat va uning iqtisodiyoti rivojida korrupsiyaning oldini olinishi va unga qarshi kurashish muhimligi, bu borada AQSh barcha yo‘nalishlarda hamkorlik va ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi. Shu bilan bir qatorda, AQSh elchisi Agentlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida AQSh va boshqa davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish maqsadida 2021-yilda AQShga xizmat safarlarini tashkillashtirish, Toshkentda turli o‘quv seminarlari va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.