Korrupsiya – bugungi kunda tobora ahamiyat kasb etib borayotgan hamda mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy barqarorligi, shuningdek xalqaro maydondagi jozibadorligini hal qiladigan muhim faktorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Transparency international” (bundan buyon TI) korrupsiyani qabul qilish indeksi esa davlatlarda korrupsiya darajasi va unga qarshi kurashish borasida hukumatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni baholab boruvchi eng ommaviy indeks sifatida tanilib bormoqda.
2020 yil uchun TI ning korrupsiyani qabul qilish indeksi yangi reytingida O‘zbekiston 7 pog‘onaga ko‘tarilib, indeks bahosida qatorasiga 4 yil davomida barqaror o‘sishiga erishildi (2016 yilda 21 balldan 2020 yilda 26 ballgacha).
Shu bois, TI 2020 yilgi hisobotida O‘zbekistonni mintaqaning tez sur’atlarda yaxshilanib borayotgan davlatlari qatorida e’tirof etdi.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bir qator ijobiy faktorlar ushbu indeksdagi o‘rnimizning barqaror o‘sib kelishiga xizmat qilmoqda.
Birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezident xalq qabulxonasi, “ishonch telefoni” hamda “virtual qabulxonasi” shuningdek, har bir vazirlik va davlat idoralarining “ishonch telefonlari” hamda “virtual qabulxonalari” ishga tushdi. Fuqarolarning huquqlarini tiklash ustuvor vazifa sifatida belgilanib, barcha darajadagi davlat rahbarlarining “sayyor qabullari”ni o‘tkazish amaliyoti qo‘llanilmoqda.
Ikkinchidan, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash va sudlarning nufuzini oshirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Sudyalarning birinchi marta 5 yillik, navbatdagi davrda 10 yillik va keyinchalik muddatsiz vakolat davrlari belgilanib, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirildi va nazorat instansiyasi bekor qilindi. Sudyalar va sud apparati xodimlarining moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minoti darajasi oshirildi, sudlar yanada ixtisoslashtirildi hamda sud faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etildi. Sud hujjatlarini e-sud.uz onlayn platformasida e’lon qilib borilmoqda.
Uchinchidan, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi butunlay yangilanib,
130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari aholiga qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali ko‘rsatilmoqda.
To‘rtinchidan, so‘nggi yillarda davlat xizmati ochiqligi va shaffoflik hamda jamoatchilik nazorati institutlari tubdan takomillashtirildi. Raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qo‘llanilishi davlat organlarining jamoat oldida hisobdorligini oshirdi. Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, avtotransport vositalari uchun davlat raqam belgilarini onlayn auksionda realizatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi hamda doimiy takomillashtirilib borilmoqda.
Davlat xaridlar to‘g‘risida ma’lumotlar d.xarid.uz sayti orqali joylashtirib borilmoqda. Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarining hisobga qo‘yilgan ma’lumotlari bazasi (my.gov.uz) va boshqa platformalar bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning eng samarali instrumentlari bo‘lgan ochiqlik va shaffoflik hamda jamoatchilik nazorati prinsipini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishning butkul yangi tashkiliy-huquqiy va institutsional tizimi yaratildi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida asosiy tushunchalarga ta’rif berildi hamda 2017-2018, 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Oliy Majlis palatalari huzuridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha qo‘mitalari tashkil etildi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshiruvchi yangi tuzilma - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi.
Korrupsiyani qabul qilish indeksi ekspertlar va ishbilarmon doiralarning davlat sektoridagi korrupsiyaga doir aniq masalalar bo‘yicha baholarini aks ettiruvchi 13 manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslanadi. Mazkur manbalar mamlakat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotining barcha sohalarini o‘z ichiga oladi. Mazkur manbalardagi deyarli barcha indekslarda O‘zbekiston barqaror o‘sishni qayd etmoqda
Masalan, “Bertelsmann foundation transformation index” da 3.73 (2018) balldan 4.08 (2020) ballga; “The economist intelligence unit country report”da o‘tgan yilga nisbatan 1,6 foizga (pandemiya sharoitida juda kam davlatlara o‘sish qayd etilgan); Jahon bankining davlat tizimi va instituti reytingida 2.5 (2016) balldan 4.0 (2019) ballga o‘sish qayd etilgan.
O‘zbekistonning “Transparency international” va uning manbasini tashkil etuvchi reytinglarda o‘rnini yanada yaxshilash maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
1. Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy xatarlarni kamaytirish va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga karatilgan choralarni amalga oshirish (mansabdor shaxslar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma’lumotlarni majburiy ravishda e’lon qilish amaliyotini joriy etish; manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarning jamoat reyestrini shakllantirish; davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlikni qonunchilikka kiritish);
2. Budjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanilishini oldini olish maqsadida budjet mablag‘lari sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
3. Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni jadallashtirish;
4. Vazirlik va idoralardagi “komplayens-nazorat” tizimini yanada kengaytirish.
Mazkur masalalalarni amalga oshirish, sohaning qonunchilik bazasini takomillashtirish, korrupsiyaga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish va eng asosiysi, bu jarayonga har bir fuqaroni jalb qilish orqali O‘zbekistonda korrupsiya holatini kamaytirish hamda har bir soha va yo‘nalishda rivojlanishga erishish mumkin.